00:33 / 01.11.2018
23508

Matematika bo‘yicha Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada natijalari e'lon qilindi

29-30 oktabr kunlari Urganch shahrida universitetlar talabalari o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkazildi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Facebook sahifasida shu haqida xabar berildi

Bunday olimpiada o‘tkazish g‘oyasi 2017 yilning sentabrida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom Hamkorlik Tashkilotining ilm-fan va texnologiyalarga doir birinchi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan edi. 

Olimpiadaning asosiy maqsad va vazifalari qobiliyatli yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, fundamental fanlar bilan shug‘ullanishga jalb qilish, talabalar orasida ilmiy-tadqiqot faoliyatiga bo‘lgan qiziqishlarni aniqlash va rivojlantirish, turli mamlakatlar talabalari o‘rtasida xalqaro hamkorlik shakllari va madaniy  aloqalarni kengaytirish, shuningdek buyuk olim Muhammad Al-Xorazmiyning boy merosini ommalashtirishdan iborat. 

Olimpiadada dunyoning 20 mamlakati (BAA, Eron, Malayziya, Rossiya, Bolgariya, Estoniya, Sloveniya, Ukraina, Belarus, qator Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari) 58 universitidan 334 nafar kishi ishtirok etdi. O‘zbekiston sharafini mamlakatning 33 oliy ta'lim muassasasi talabalari himoya qilishdi. 

Olimpiada ishtirokchilari bilimlari 20 kishidan iborat hay'at tomonidan baholandi, ularning 18 nafari xorijiy mutaxassislardan iborat bo‘ldi. 

Olimpiada ochilishining tantanali marosimi 29 oktabr kuni Xorazm viloyatidagi “Yoshlik” sport majmuida bo‘lib o‘tdi. Italiyaning Piza Universiteti professori Marko Abati videotranslyatsiya orqali olimpiada ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlab, ularga  omad tiladi. 

Olimpiada natijalariga ko‘ra, 66 ishtirokchi turli medallar bilan taqdirlandi – 14 oltin, 23 kumush va 29 bronza. Birinchi o‘rin Pekin universiteti (Xitoy) talabasi Xao Ran Vangga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni esa Sharif universiteti (Eron) talabasi Ali Daei Nabi egalladi. Uchinchi o‘rin Pekin universiteti talabasi Ming Xuiou Yang tomonidan band qilindi. O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Tolibjon Ismoilov to‘rtinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. 

Qo‘lga kiritilgan medallar bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni - Xitoyning Pekin universiteti, ikkinchi o‘rinni – O‘zbekiston Milliy universiteti va uchinchi o‘rinni Estoniyaning Tartu universiteti egalladi. 30 universitet vakillari turli darajadagi medallar bilan taqdirlanishdi. 

Olimpiada nizomiga muvofiq, bellashuv g‘oliblari oliy ta'lim muassasalari magistraturasiga matematika, fizika, axborot texnologiyalari hamda muhandislik-texnik yo‘nalishdagi ta'lim ixtisosligi bo‘yicha qabul kvotasidan tashqari, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ushbu huquq Olimpiada g‘olibligini qo‘lga kiritgan talaba tomonidan OTM bakalavriatini tugallagan vaqtdan boshlab uch yil davomida saqlanib qolinadi. 

Ta'kidlash joizki, Olimpiada ishtirokchilari safar davomida Xiva, Ayoz-Qal'a va Urganchning tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishishdi, shuningdek Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida bo‘lishdi. 

Bundan tashqari, Olimpiada ishtirokchilari buyuk matematik va olim Muhammad Al-Xorazmiyning Urganch markaziy maydonidagi  haykali poyiga gullar keltirishdi. Olimpiadaning yopilishida ishtirokchilar uchun mamlakatning iste'dodli yoshlari va san'at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. 

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Ikkinchi xalqaro olimpiada 2020 yilning oktabr oyi uchinchi dekadasida Urganch shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid
Top