16:39 / 10.04.2019
28396

Fotomaqola: Bu maskanda buyuk o‘tmish aks etgan kelajak quriladi

«Islom sivilizatsiyasi markazi» barpo etilishi nafaqat O‘zbekistonda, balki bu muqaddas dinga e'tiqod qiluvchi milliardlab insonlar sochilib ketgan butun dunyoda katta yangilik bo‘ldi. Bevosita davlat rahbari tashabbusi bilan bunyod qilinayotgan ulkan majmuaga tashrif buyurish hamma uchun qiziq albatta. Hozirda qurilish ishlari jadal olib borilayotgan bu markaz tez orada o‘z eshiklarini ochadi.

Xalqaro Press-klubning bugun, 10 aprel kuni o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasi an'anaviy uslublardan chekinib, ochiq osmon ostida, bevosita qizg‘in jarayon ustida o‘tkazildi – OAV vakillari, ijodkorlar, domlalar va talabalardan iborat katta guruh «Islom sivilizatsiyasi markazi»ning qurilish jarayoni ketayotgan hududga tashrif buyurishdi.

Qurilishlar jadal davom etayotgan 1,9 gektar maydonga kirib kelishingiz bilan binoning mahobatidan hayratga tushasiz. Bu bejizga emas, albatta.

Markazni barpo etayotgan direksiyaning alohida muhim ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husan aka Shukurovning ma'lum qilishicha, gumbazning yuqori nuqtasi 60 metrni tashkil qiladi, yana uning ustida 7 metrli nayza (shpil) ham joylashtiriladi va bu markaziy nuqtaning jozibasini yanada oshiradi. Hozir bir smenaning o‘zida 300 nafardan ortiq ishchi ishlamoqda.

Peshtoqlardagi yozuvlar, binolardagi naqshlarning hammasi ma'lum ma'no kasb etadi, muqaddas Islom dini, ma'rifat, ilmga oid o‘gitlar jo qilinadi.

Markaz:

* 40 mingdan ortiq noyob eksponatlarga ega muzey;

* 100 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalar fondiga ega kutubxona;

* Qadimiy toshbosma va qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, ko‘paytirish bo‘limi;

* Islom dinining mazmunini chuqur tahlil qilishga qaratilgan tadqiqotlar markazi;

* Doimiy nashr ishlarini olib boruvchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan nashriyot;

* Qorilar musobaqasi singari musobaqalar, yirik anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 300 kishilik konferensiya zaliga ega bo‘ladi.

Top