O‘zbekiston | 12:05 / 19.10.2021
11287
2 daqiqa o‘qiladi

«Men bejiz bu joydan pulni ayamayapman» – Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi ahamiyati haqida to‘xtaldi

Foto: KUN.UZ

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuv davomida Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

"Azaldan Toshkent shahri – milliy davlatchiligimizning yuksak taraqqiy etgan markazlaridan biri bo‘lgan, desak ayni haqiqat bo‘ladi. Qariyb uch ming yillik Shoshtepa, 2200 yillik tarixga ega Mingo‘rik yodgorliklaridan topilgan noyob eksponatlar ham shundan dalolat beradi. 

Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy singari ulug‘ mutafakkirlar asarlarida Shosh, ya'ni, Toshkent eli mard, jasur, o‘z yurti himoyasiga hamisha tayyor, qo‘li ochiq va saxiy insonlar sifatida ta'riflangan.

Bu zaminda tavallud topgan, Shoshiy, Toshkandiy taxalluslari bilan faoliyat ko‘rsatib, bebaho asarlar yaratgan yuzlab ulug‘ zotlar dunyoviy va diniy ilmlar bo‘yicha o‘z zamonasining tengsiz olimlari hisoblangan.

Suzuk ota maqbarasi kabi muhtasham majmualar bunyod etayotganimiz, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurayotganimizdan barchangiz yaxshi xabardorsiz. 

Men bejiz bu joydan pulni ayamayapman. Islom sivilizatsiyasi markaziga kirib chiqqan odam o‘zgarib chiqishi kerak. Masalan, Beruniy tarixini o‘rganmoqchi bo‘lgan inson buyuk olim tilidan so‘zlangan ovozni eshitadi.

G‘alaba bog‘ini ham bejizga barpo qilmadik. Bu ham bizning tariximiz, qancha-qancha yurtdoshlarimiz jang maydonlaridan qolib ketishdi, front ortida mehnat qilishdi. Buni unutib bo‘lmaydi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid