23:48 / 03.05.2018
9286

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mehnat faxriysi Halima aya Nosirova holidan xabar olindi (video)

Foto: KUN.UZ

Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan faxriylarimizga yuksak ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish davlatimizning hamisha e'tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Markaziy apparati hamda Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan partiyaning “O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” loyihasi doirasida partiya va mahalla faollari, deputatlar hamda “Yosh adolatchilar” qanoti a'zolari Chilonzor tumani 2-Charx Kamolon mahallasida istiqomat qilayotgan bugungi tinch va nurafshon kunlarimizning sababchilari bo‘lgan Ikkinchi jahon urishining front orti faxriylari xonadonlariga tashrif buyurib, ular holidan xabar olishdi, dildan suhbat qurishdi.

Yuzma-yuz suhbatlar chog‘ida faxriylar dunyo xalqlari boshiga musibat solgan mash'um urush, o‘sha og‘ir kunlarni matonat bilan yengib o‘tgan ota-bobolarimizning yengilmas irodasi, cheksiz matonati haqida so‘zlab berishdi. Yoshlarga bugungi tinch-osoyishta kunlarga osonlikcha erishilmagani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligi yurtimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda chuqur bilim olish, yaxshi kasb egasi bo‘lish, shu orqali Vatanimiz taraqqiyoti uchun hissa qo‘shish yosh avlodning muqaddas burchi ekanligi ta'kidlashdi.

2-Charx Kamolon mahallasining “Zavqiy” ko‘chasi, 27-xonadonida istiqomat qiluvchi front orti mehnat faxriysi Halima aya Nosirova bugun 93 yoshda farzandlari, nevara va chevaralari ardog‘ida keksalik gashtini surmoqdalar. Onaxon qo‘llari duoda bugungi dorulomon kunlarga shukuronalik keltirib, davlatimiz tomonidan yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan e'tibordan mamnunliklarini izhor etdilar.

"Men urush boshlanganda balog‘at yoshidagi qizaloq edim. Xalqimiz o‘sha yillari juda og‘ir qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Urush olovi millionlab masofa uzoqlikda bo‘lishiga qaramasdan front ortidagi, ayniqsa biz kabi ayollar va keksalarning hayotini izdan chiqardi. Urush ta'minotidagi bor og‘irlik bizning bo‘ynimizda edi. Shunday bir og‘ir davrda ham o‘zbek ayollari o‘z farzandlari qatori urush olovi alanga olgan hududlardan yurtimizga ko‘chirib keltirilgan minglab bolalarga onalik qilib, ularni o‘z farzandlaridek oila bag‘riga olishdi. Bugungi kundagidek tinch-osoyishta, baxtli kunlar o‘sha davrda har bir onaning orzusi edi", — deydi Halima aya Nosirova.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan bu kabi e'tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarning hurmat va ehtiromi mamlakatimizda inson manfaati, uning sha'ni va qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekanini yana bir karra namoyon etmoqda.

Top