Eslab qolish bo‘yicha o‘z superxotirasi bilan tanilgan Davronbek Turdiyev hozirda O‘zbekiston mnemosport federatsiyasi prezidenti vazifasini bajaradi. Kun.uz u bilan o‘zbek bolalarining xotira imkoniyatlari, O‘zbekistonda kuchli xotira egalarini qanday ko‘paytirish haqida suhbatlashdi.

«Tepadagilar biz haqimizda deyarli bilishmaydi»

– Ikki yil oldin Kun.uz’ga intervyu berganimda O‘zbekistonda kuchli mnemonistlar yo‘q edi. O‘shandan beri bizga hukumatdan deyarli e’tibor bo‘lmadi. Bizning borligimizni tepadagilar katta ehtimol bilan bilmaydi.

Faqat o‘tgan yili Yoshlar ishlari agentligi yordamida mnemonika bo‘yicha katta chempionat o‘tkazildi. Bellashuv darajasini solishtiradigan bo‘lsak, mnemonika bo‘yicha 2017 yilgi jahon chempionatida mukofot puli 1,5 ming dollar bo‘lgan. Bizda esa 80 mln so‘m bo‘ldi. Buni davlat budjetidan Samarqand viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tashkil qilib berdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda professional mnemonist bo‘lib turib, pul topishning iloji yo‘q. Shu sabab bolalar o‘qiydi yoki boshqa ish qiladi. Yoki ishlab oila boqish kerak, yoki mnemonika bilan professional shug‘ullanib shu orqali oila boqish kerak.

O‘zbek superxotira vakillari haqida

– Oxirgi yillarda O‘zbekistonda kuchli mnemonistlar paydo bo‘ldi. Umuman, O‘zbekiston mnemonika bo‘yicha dunyoda kuchli beshlikka kirsa kerak. MDH davlatlari o‘rtasidagi 2021 yilgi chempionatda 1,2,3-o‘rinlarni o‘zbeklar egallashdi. 2022 yil aprelda Sinergiya universitetida bo‘lib o‘tgan chempionatda esa 1,3,4,5-o‘rinlarni egallab qaytdik.

Yoshlar ishlari agentligi bilan o‘tkazgan chempionatimizda asosan o‘quvchilarim yoki o‘quvchilarimning o‘quvchilari ishtirok etdi. Shu joyda bir muhim narsani aytmoqchiman, Rossiya chempionatida 5 daqiqada 214 ta raqam eslab qolingan bo‘lgan, bizda bu 284 ta bo‘ldi. Mana shu natija ham o‘zbeklar orasida kuchli mnemonistlar borligini ko‘rsatadi.