23:17 / 08.10.2015
16237

Prezidentlar muzokaralar o‘tkazishdi va Toshkent bo‘ylab sayohat qilishdi

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 7 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 8 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

UzA xabariga ko‘ra, Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tishdi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov tor doiradagi muzokaralar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentimiz Turkmaniston rahbarining ushbu tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlari tarixida muhim siyosiy voqea, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotganining dalolati ekanini ta'kidladi.

Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda muttasil taraqqiy etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, manfaatlarni hurmat qilish, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik barcha dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir. O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Turkmanistonning tashqi siyosati betaraflik, tinchliksevarlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Ikki davlat rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligini yana bir bor ta'kidladilar. Terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni ham muhokama etdilar.

Mamlakatlarimiz transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish borasida ham bir xil yondashuvga ega. Suv-energetika sohasiga oid masalalar xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yor va tamoyillari asosida, mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqilishi zarurligi ta'kidlandi. Transchegaraviy daryolarda yirik gidroenergetika inshootlari qurish masalalariga BMTning tegishli konvensiyalari talablariga to‘la rioya qilgan holda yondashish lozimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalarga alohida e'tibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Keyingi olti yilda bu ko‘rsatkich 3 barobar o‘sib, 2014 yil yakunlariga ko‘ra 413 million dollarni, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 245 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistondan Turkmanistonga transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, elektr va mexanika uskunalari, metall buyumlar va turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft mahsulotlari, propilen polimerlari va boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.

O‘zbekiston va Turkmanistonning iqtisodiy salohiyati hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini beradi. 2012 yilda imzolangan O‘zaro yetkazib berish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va uni diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Hukumatlararo tadbirlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi uchrashuvlar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilning avgust oyida Ashxobodda o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishida yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Transport sohasi hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishidir. O‘zbekiston hududi orqali Turkmanistonga, Turkmaniston hududi orqali O‘zbekistonga yuk tashiladi. Mamlakatlarimizning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. Shu jihatdan Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lgan O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon yangi xalqaro transport-kommunikatsiya koridorini barpo etish bo‘yicha 2011 yili imzolangan bitim geostrategik ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham uglevodorod resurslariga boy. Ularni eksport qilish o‘zaro muvofiq harakat qilishni talab etadi. Ana shunday yaqin hamkorlik mamlakatlarimiz uchun energetika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va jahon bozorlariga chiqish borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda. 2009 yilda ishga tushgan va tobora kengayib borayotgan Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri buning yorqin misolidir.

Muzokarada savdo aylanmasi hajmini oshirish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va madaniyati mushtarak, urf-odat va an'analari o‘xshash. Ajdodlarimizning ilmiy-ijodiy merosi xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. Madaniyat sohasida 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida ikki mamlakat sportchilari, madaniyat va san'at namoyandalari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘rgazmalar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda.

Ilm-fan sohasidagi hamkorlik ham yuksalmoqda. Olimlarimiz birgalikda qishloq xo‘jaligi, neft kimyosi va boshqa sohalarda izlanishlar olib bormoqda.

Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ham ulkan imkoniyatlarga ega. “Buyuk ipak yo‘li” loyihasi doirasida o‘zaro bog‘langan sayohatlar tashkil etilmoqda. Sentyabr oyida Turkmanboshi shahrida o‘tkazilgan “Sayyohlik va sayohat” xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida mamlakatimiz vakillari ishtirok etdi. Kuni kecha poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida Turkmaniston firma va kompaniyalari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan bu boradagi aloqalarni kengaytirish, birgalikda sayohatlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, fan-texnika, sog‘liqni saqlash va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ushbu tashrif o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan oliy darajadagi samarali muloqotning davomi bo‘lganini, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay fursat yaratganini ta'kidladilar. Muzokaralar ochiqlik, o‘zaro anglashuv va hamjihatlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo‘lidagi serqirra va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdilar. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Gurbanguli Berdimuhamedov bu maydondagi doimiy yashillik va mo‘'tadillik O‘zbekistondagi tinchlik va farovonlik, butun mamlakatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlikdan darak berishini ta'kidladi. Turkmaniston Prezidenti Xotira maydoni bilan ham tanishdi.

Ikki davlat rahbarlari “Bunyodkor” stadionini borib ko‘rdilar. Ushbu majmuaning ko‘rku salobati, me'moriy yechimi, sportchilar va tomoshabinlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar oliy martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Prezidentlar poytaxtimizda bunyod etilgan “Minor” masjidiga tashrif buyurdi. Gurbanguli Berdimuhamedov masjid milliy va zamonaviy arxitektura an'analarini o‘zida mujassam etganini ta'kidladi.

Top