15:50 / 22.10.2018
16429

Lavrov: Rossiya AQShdan izoh kutmoqda

Foto: Grigoriy Sysoyev / RIA Novosti

Moskva Vashingtondan Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning AQSh O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalar to‘g‘risidagi bitimdan (O‘KMR) chiqishi haqidagi bayonoti bo‘yicha izoh kutmoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

«Men hozircha AQSh prezidenti qarorini ko‘rmadim, bu haqdagi tegishli bayonotlarni eshitdim, - deya ma'lum qildi TIV rahbari. - Hozir qahva quyqumida bashorat qilish samarali emas, biz amerikalik hamkasblarimizning rasmiy izohini kutamiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hozircha chiqib ketish bo‘yicha rasmiy jarayonni qo‘llamadi, deb xabar beradi RIA Novosti. Rossiya bitim bo‘yicha o‘z pozitsiyasini Vashingtondan ma'lumot olingach, «rejalar emas, balki aniq qarorlardan kelib chiqib» aniqlaydi, deya qayd etib o‘tdi Lavrov.

Shuningdek, vazirning ko‘rsatishicha, muloqot professional tarzda olib borilishi kerak. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, har qanday harakat «qarama-qarshilikka uchraydi, sababi strategik barqarorlik faqat tenglik asosida ta'minlanishi mumkin». «Bunday tenglik hamma sharoitda saqlanib qoladi. Biz global barqarorlik uchun mas'ulmiz va Qo‘shma Shtatlar o‘z mas'uliyatidan voz kechmasligiga umid qilamiz», - dedi Lavrov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlarida O‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha bitimdan voz kechish taklif qilinayotgani xabar berilgandi. Bunday xatti-harakatlar haqida prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton gapiryapti.

Ta'kidlanishicha, Bolton 2010 yilda AQSh va Rossiya o‘rtasida tuzilgan strategik hujumkor qurollarni qisqartirish hamda cheklash bo‘yicha shartnomani uzaytirishni ham bloklab qo‘yishni xohlamoqda.

O‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha bitim (O‘KMRB) tomonlarga harakatlar masofasi 500 dan 5,5 ming kilometrgacha bo‘lgan, yerda joylashuvchi ballistik raketalar va qanotli raketalarga egalik qilishga ruxsat bermaydi. Hujjat 1987 yilda imzolangan. Rossiya va AQSh muntazam ravishda bir-birini uning shartlarini buzganlikda ayblab keladi.

Top