11:55 / 26.11.2018
78706

Qarshida «Lasetti» harbiy texnika kolonnasi bilan to‘qnashdi: uch kishi halok bo‘ldi

26 noyabr kuni soat taxminan 08:05da Shahrisabz - Qarshi avtomobil yo‘lida harbiy kolonna va «Lasetti» avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini to‘satdan to‘liq tekshirish rejasiga muvofiq, harbiy avtomobillar kolonnasi mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan hududga yo‘l olayotgan bo‘lgan. Yuqorida ko‘rsatilgan yo‘l kesishuvidagi harakat harbiy avtomobil inspeksiyasi xodimlari tomonidan tartibga solingan.

«Inspektorlarning harakatni taqiqlovchi ko‘rsatmasiga qaramay, «Lasetti» harakatlanishda davom etgan. Natijada «ZIL-131» markali harbiy yuk avtomobili bilan to‘qnashuv yuz berdi. Uch kishi - yengil avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchisi halok bo‘ldi, «Lasetti»ning yana bir yo‘lovchisi jarohat oldi», - deyiladi xabarda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatildi, uning ahvoli barqaror va hayotiga xavf soladigan hech narsa yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda prezident farmoyishi bilan jangovar shaylikni tekshirish maqsadida mashg‘ulotlar boshlangani xabar qilingandi.

Top