15:15 / 30.11.2018
47881

«O‘zbekenergo»​ Tolimarjon IES​da nimalar yuz berganini ma'lum qildi

Tolimarjon IES/Foto: asukonus.ru

«O‘zbekenergo» AJ Tolimarjon IESda shu yilning 23 noyabr kuni soat 02:10da shartnomaga muvofiq, ta'minotchi muassasa tomonidan sifatli gaz yetkazib berilmagan. Natijada, gaz tarkibidagi mexanik aralashmalar gaz filtrlariga tiqilib qolgan. Bu haqda jamiyat matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Bu esa ish faoliyatiga ta'sir qilgan. Oqibatda, ushbu IESning ikkinchi sonli Bug‘-gaz qurilmasi (BGQ)da tabiiy gazning ko‘tarilib ketganligi sababli, uskunaning avariyaviy o‘chish holatini oldini olish maqsadida, qurilma ish faoliyati majburiy ravishda vaqtinchalik to‘xtatilib, filtr va separatorlarni tozalash ishlari amalga oshirilgan», - deyiladi rasmiy xabarda.

«O‘zbekenergo»dan xabar berilishicha, ushbu amaliyotdan so‘ng, shu kunning o‘zidayoq qurilma to‘liq ishga tushirilgan. Ammo, «Tolimarjon» IESga sifatli tabiiy gaz yetkazib berilmaganligi uchun, korxonaning ushbu ikkinchi sonli Bug‘-gaz qurilmasida shu yilning 24, 25 va 27 noyabr kunlarida ham bunday qisqa muddatli majburiy o‘chirish holatlari yuz bergan.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, «O‘zbekenergo» AJ qoshidagi Tolimarjon IES​da nosozliklar kuzatilgandi. Dastlab, «O‘zbekenergo» vakillari bu masala haqida gapirishni istamadi, shuningdek yetkazilgan zarar miqdori ham oshkor etilmagandi.​

Ta'kidlanishicha, jamiyat ushbu holat bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish maqsadida, tegishli mas'ul idoralarga murojaat qilib, gaz sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlarni olib bordi.

«O‘zbekneftgaz» elektr ishlab chiqaruvchi  «O‘zbekenergo» rahbariyati bir stol atrofida har kunlik iste'mol uchun talab etiladigan energiya ishlab chiqarishga zarur gazni yetkazib berish masalasini hal qilingani aytilgandi. ​ ​

«​Bugungi kunda «Tolimarjon» IESdagi Bug‘-gaz qurilmasi barqaror ishlamoqda. Yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sifati ham yaxshilangan. Ayni paytda 7 million abonentga ega bo‘lgan «O‘zbekenergo» AJ tomonidan mamlakatimiz aholisini qish faslida ham uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda»​, - deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Jamiyat iste'molchilarning shikoyat va murojaatlarini Telegram messenjerida faoliyat olib borayotgan @uzbekenergomuloqot​ axborot kanali orqali ko‘rib chiqishini bildirmoqda. Murojaatlar kanal adminstratoriga yuborilishi so‘raladi.

Top