O‘zbekiston | 17:40 / 29.11.2018
77971
3 daqiqa o‘qiladi

No comment, no audio: «O‘zbekenergo» yuz bergan falokatni yashirmoqda

Tolimarjon IES/Foto: asukonus.ru

Respublikada elektr energiyasini yetkazib berishda davlat monopoliyasi ega «O‘zbekenergo» AJ issiqlik elektr energiyasi bloklaridan birida yuz bergan falokatni ommadan yashirmoqda.

Qish mavsumi boshidanoq, respublikaning aholi zich joylashgan viloyatlaridan tahririyatga energiya taqchilligi bilan bog‘liq turli murojaat xatlari yetib kelmoqda. Elektr energiyani yetkazib berishdagi uzilishlar haqida Farg‘ona viloyat hududiy elektr tarmoqlari tezkor dispetcher xizmati boshlig‘i Dilshodbek Qodirov Kun.uz'ga quyidagilarni ma'lum qilgandi: «Vodiy viloyatlariga elektr energiyasi yetkazib beruvchi IESlardagi yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolardir. Viloyat hududiy elektr tarmoqlarining vazifasi, bizga berilayotgan ma'lum birlikdagi elektr energiyasini taqsimlashdan iborat. Ayni paytda, hududlarda 1-2 soatdan uzilishlar bo‘lyapti».

Ammo, sayt o‘quvchilari tok 2 soatdan ham ko‘p yo‘q bo‘lishi, ahvol yanada og‘irlashib borayotgani haqida ma'lumotlar berishmoqda. 

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, «O‘zbekenergo» AJ qoshidagi Tolimarjon IESning bitta bloki ishdan chiqqan. «O‘zbekenergo» vakillari esa bu masalaga rasmiy izoh berishdan bosh tortmoqda. Ayni paytda IES qaysi blokiga va qancha zarar yetgani noma'lum.

Xuddi shunday vaziyat, o‘tgan yili dekabr oyida ham yuz bergandi. O‘shanda «O‘zbekenergo» AJ bir vaqtning o‘zida ikkita katta halokatni boshdan kechirgandi. Ma'lum muddat Tolimarjon IES hamda Navoiy IESda yangi bug‘-gaz qurilmasi ishdan chiqqandi. Gaz filtrlovchi quvurda yuz bergan nosozlik qurilmaning ishga yaroqsiz bo‘lib qolishiga olib kelgan.

2017 yil 13 dekabr kuni har ikkala issiqlik elektrostansiyaga yetkazib berilgan gaz mahsulotlari tarkibida chiqindi va ish faoliyatiga ta'sir etuvchi qoldiqlar bo‘lgani aniqlangan. 

«O‘zbekenergo» falokatga qadar, 2017 yilning fevralida «Tolimarjon IESni 450 MVtlik 2ta bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish» investitsiya loyihasini amalga oshirgandi. Jami quvvati 900 MVT bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini Janubiy Koreyaning Daewoo va Hyundai kompaniyalaridan iborat xalqaro konsorsiumi o‘rnatgan.  

Kuzatilayotgan tokdagi uzilishlar rasman tasdiqlanmagan falokatga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi masalasi ham ochiq qolmoqda. Jamiyat hozircha barcha so‘rovlarni rad etishni ma'qul ko‘rmoqda.

Mavzuga oid