14:44 / 05.01.2019
115495

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimi joriy etilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali OTMni o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, ularga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida aytilgan.

Qayd etilishicha, tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini joriy etish orqali ularni o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish;

oliy ta'lim muassasalarini moliyaviy tartibga soluvchi hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish orqali oliy ta'lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini ta'minlash;

abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berish nazarda tutiladi.

Bajarish muddati - 2019 yil 1 mart, ijro uchun mas'ullar - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat test markazi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar.

Top