O‘zbekiston | 20:40 / 02.03.2020
2441
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Elektron parlament» tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Farmonga muvofiq, 2020 yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatida fuqarolarning Internet tarmog‘idagi murojaatlari asosida parlament va deputat so‘rovlarini shakllantirish, saylovchilar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimi joriy etiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yil yakuniga ko‘ra qabul qilingan har bir qonun xalq tomonidan qanday baholanganini va uning samaradorlik darajasini monitoring qilish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish amaliyoti shakllantiriladi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha, shuningdek, Hukumat a'zolari va tarmoqlar rahbarlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi.  

2020 yil 1 avgustdan boshlab Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida o‘rganilgan masalalar bo‘yicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qo‘mitalarining sayyor majlislarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.  

2020 yil 1 iyulga qadar “Mening fikrim” veb-portalining mobil ilovasi ishga tushiriladi, shuningdek, veb-portalga kelib tushayotgan murojaatlarni deputatlar, mutaxassislar va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalarida muhokama qilish tashkil etiladi.

Mavzuga oid