O‘zbekiston | 22:54 / 19.08.2020
8688
4 daqiqa o‘qiladi

Masofaviy ta'limga o‘tish kontrakt kamayishiga sabab bo‘lmasligi tushuntirildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyev masofaviy ta'lim shakliga o‘tilishi to‘lov-kontrakt miqdori kamayishiga sabab bo‘lmasligini tushuntirdi.

«Oliy ta'lim muassasalari pandemiya davrida ham odatdagidek ish haqi va stipendiyalarni to‘lab kelyapti. Bu xarajatning kamayishiga olib kelmaydi. Kommunal xarajatlarning ma'lum miqdorda qisqarishini xarajatlarning kamayishi deb nazarda tutadigan bo‘lsak, hozirgi belgilangan to‘lov-kontraktning o‘zi o‘qituvchining ish haqiga yetmaydi.

Belgilangan kontrakt to‘lovining ichida bu xarajatning kamayishini hisobga olganda ham to‘lanishi kerak bo‘lgan summa bilan farqi juda katta. Bu kontraktning qiymatiga umuman ta'sir ko‘rsatmaydi. Faqatgina OTM ko‘rayotgan zararni kamaytirishi mumkin.

80 foiz talaba kontrakt to‘lovi eng minimal bo‘lgan sohalar – qishloq xo‘jaligi, texnika, gumanitar, pedagogika yo‘nalishlarida tahsil oladi.

Hozirda belgilangan bazaviy kontrakt miqdori – 6 mln 412 ming 600 so‘m. Minimal xarajatlarning o‘zi esa 9 mln 300 ming so‘m. Bu qaysidir OTMda yuqori bo‘lishi ham mumkin. 9 mln 300 ming so‘m xarajat tarkibi bitta katta o‘qituvchining ish haqi hisoblanadi. Vaholanki, OTMda kafedra mudirlari, dotsent va professorlar bor. Ularning xarajati yanada oshadi. Shuning uchun bu o‘rta hisobda deb aytiladi.

Pandemiya davrida kommunal to‘lovlarning kamayishi bazaviy stipendiya miqdori bilan minimal xarajat o‘rtasidagi farqni kamaytiradi xolos. Talaba to‘laydigan kontraktni kamaytiradigan darajada OTMda iqtisod qilinmayapti», – dedi Maqsud Hamroyev 19 avgust kuni oliy ta'lim tizimidagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida.

Vazirlik vakili masofaviy ta'lim shakliga o‘tilishi qo‘shimcha xarajatlarni talab etishini bildirib o‘tdi.

«Masofaviy ta'lim uchun ham qo‘shimcha xarajatlar kelib chiqishining sababi – bizda serverlar onlayn ta'limga mo‘ljallanmagan edi. Platformaga ko‘proq murojaat bo‘lishi hisobiga qo‘shimcha serverlar qabul qilishga majbur bo‘lyapmiz. Suratga oladigan uskunalar, studiya jihozlari kerak. Bu jihozlar hozirgacha OTMlarda mavjud bo‘lmagani ham ta'lim xarajatlarini ma'lum miqdorda ko‘paytiradi.

10 foizlik chegirma ham qaysidir xarajatlarni qisqartirish, ichki imkoniyatlar evaziga tashkil etilyapti. Bunda budjetga yuklamani ham ko‘paytirib bo‘lmaydi. Budjet beradigan pulni oshirishning hozir imkoniyati yo‘q. Bularning hammasi OTMning rivojlanish uchun ketadigan xarajatlarini qisqartirish hisobiga bo‘ladi», – deya Hamroyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Moliya vazirligi departament direktori Nodir Muslitdinovga ko‘ra, pandemiya OTMlar xarajatlariga katta ta'sir qilgani yo‘q.

«Oliy ta'lim tizimidagi xarajatlar – ish haqi va u bilan bog‘liq xarajatlar, kommunal to‘lovlar, asosiy vositalar xaridi, joriy ta'mir xarajatlari hisoblanadi.

OTM xarajatlar smetasiga qaraydigan bo‘lsak, uning 80-90 foizi ish haqiga to‘g‘ri keladi. Xarajatlar elektr energiyasi hisobiga ozgina kamayishi mumkin. Lekin pandemiya xarajatlarga katat miqdorda ta'sir qilgani yo‘q», – deya qayd etdi departament direktori.

Mavzuga oid