Sog‘liqni saqlash tizimi islohotlariga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, qaror bilan sog‘liqni saqlash sohasiga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Vazir o‘rinbosari, jumladan, quyidagilar uchun mas'ul hisoblanadi:
xalqaro standartlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini implementatsiya qilgan holda sog‘liqni saqlash sohasini kompleks huquqiy tartibga solish;
sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish va tashkil etish tizimini takomillashtirish;
majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish;
davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini tatbiq qilish;
sohaga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
“elektron sog‘liqni saqlash” tizimlarini keng joriy etish.
Mazkur lavozimga sog‘liqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassis jalb etiladi hamda u prezident tomonidan tayinlanadi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirining mazkur o‘rinbosari bir vaqtda bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari maslahatchisi hisoblanadi.