17:30 / 07.02.2019
122809

O‘qituvchilar maoshidan 500 ming so‘mdan ushlab qolinmoqda

Foto: KUN.UZ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida joylashgan umumta'lim maktablardan birida ishlayotgan o‘qituvchining (ism-sharifi jurnalistga ma'lum) Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 2019 yil yanvar uchun maoshlar haligacha to‘lanmagan. O‘qituvchi Telegram'dagi maxsus bot orqali oylik maoshining hisobini tekshirganda, uning 500 ming so‘m puli ushlab qolingani ma'lum bo‘ldi. 

Ushbu faktni Amudaryo xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman bo‘limi vakili ham tasdiqladi. 

«Tuman hokimi o‘rinbosari Ma'murjon Temirboyev tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, o‘qituvchilarning oylik maoshidan taxminan 500 ming so‘mdan kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolinmoqda», — deydi u.

Ammo Kun.uz bilan suhbatlashgan o‘qituvchi kommunal to‘lovlardan qarzdor emasligini ta'kidlagan. Ushbu masalada Amudaryo tuman hokimi o‘rinbosari Ma'murjon Temirboyevning ham munosabatini o‘rgandik. 

«Hech kimning maoshidan majburiy ushlab qolinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu faqat ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi», — deydi u.

Katta ehtimol bilan, o‘qituvchilarning ixtiyoriylik asosida maoshidan ushlab qolinishini hujjatlashtirmagan ayrim mutasaddilar aybdorga chiqarilishi kutilmoqda. Tuman MIB bo‘limi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Ammo Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakili vaziyatga tez orada oydinlik kiritishini ma'lum qildi. Shuningdek, ushbu masalaga Xalq ta'limi vazirligi ham e'tibor qaratishini so‘rab qolamiz.

Top