08:32 / 27.05.2019
12160

O‘zbekistonda maxsus blankalarda retsept yozish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish taklif etildi

Foto: Pinterest

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun dori vositalarining retseptini maxsus blankalarga yozish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda barcha sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda, davlat rahbari tomonidan sog‘liqni saqlash tizimiga katta e'tibor qaratilib, rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

“Lekin, sohada ayrim kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bu kamchiliklardan biri bemorlarga dorilar retseptini shifokorlar tomonidan juda ham noaniq va tushunarsiz tarzda yozilishidir. Shifokorlarning bu masalaga sovuqqonlik bilan qarashi, mas'uliyatsizligi oqibatida ba'zi hollarda dori vositasini xarid qilish va qo‘llashda ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan dori vositalari retseptini berish tartibi ishlab chiqilgan, lekin bu tartibga yetarlicha amal qilinmayapti. Berilgan retseptlarning tasdiqlanmay, tushunarsiz tarzda ifodalanishi fuqarolar salomatligiga javobgarlik hissining tobora unutilib borishiga olib kelmoqda.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, birinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalarida maxsus blankalarda retsept yozish bo‘yicha nazoratni kuchaytirishi, bu borada shifokorlarning javobgarligini oshirishga alohida e'tibor berilishi;

ikkinchidan, dori vositalari retseptini hujjat darajasida ishlab chiqish, retseptda kamida davolash muassasasining nomi, bemorning ismi, familiyasi, yoshi, retseptni yozgan shifokor to‘g‘risidagi ma'lumot, shaxsiy muhri, retseptning amal qilish muddati, shifokorning telefon raqami ko‘rsatilishi lozim”, - deyiladi petitsiyada.

Top