17:19 / 09.07.2019
4222

Samarqandda MDHning turizm bo‘yicha kengashi yig‘ilishi va xalqaro turistik yarmarka bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining turizm bo‘yicha kengashi yig‘ilishi hamda MDH davlatlarining I turistik yarmarkasi ish boshladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati​​​​​

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida qo‘shma turizm loyihalarni sonini orttirish, «hamkorlik va ahil qo‘shnichilik» ruhini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati​​​​​

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulovning ochilish marosimidagi nutqida ta'kidlab o‘tishicha, bugungi kunda mamlakatimizda madaniy meros obektlari soni 7,4 mingdan oshadi, 4ta shahar YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga qo‘shilgan.

«So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, turizm mahsulotlarini diversifikatsiya qilish va O‘zbekistonga turistlarni jalb qilish bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Masalan, shu yilning may oyida Samarqand viloyati turizm sohasining kompleks tahlili, jumladan, Samarqandga tashrif buyurgan turistlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Unga ko‘ra, MDH davlatlaridan tashrif buyurgan turistlarning 70 foizi Samarqandda 2 kundan 4 kungacha bo‘lishadi, MDH davlatlaridan keladigan turistlarning aksariyati O‘zbekistonga oilaviy yoki guruhlar tarkibida kelishadi. Albatta, biz erishgan natijalarimizda to‘xtab qolmasligimiz kerak. Biz xizmatni yaxshilash, turizm sohasidagi kadrlarni tayyorlash borasida ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimiz kerak», — deya Abdulaziz Aqqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: O‘zA

Turistik yarmarkaning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiriga intervyu berar ekan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulov jumladan shunday dedi:

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati​​​​​

— Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining turizm bo‘yicha kengashi yig‘ilishidagi asosiy voqealar haqida gapirsam, kengashga raislik O‘zbekistonga o‘tdi. Masalan, o‘tgan yili Qozog‘iston raislik qilgan edi. Keyingi yig‘ilishda ham — u Qozog‘istonda o‘tadi — O‘zbekiston raislik qiladi.

Ikkinchi masala — har yilik turistik yarmarka tashkillashtirish bo‘yicha prezidentimiz tashabbusi muhokama etilib, uni kengash yig‘ilishi doirasida ham tashkil qilish qo‘llab-quvvatlandi. Kelgusi yil sentabr oyida Nursulton shahrida o‘tadigan kengash yig‘ilishida ham turistik yarmarka o‘tkaziladi. Buni Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri o‘rinbosari Eldos Ramazanov e'lon qildi.

Umaman, yig‘ilish kun tartibida bo‘lgan barcha masalalar ma'qullandi. Faqat Belarus Respublikasi sport va turizm vaziri o‘rinbosari Mixail Portnoy kengash orqali turizmni rivojlantirish maqsadida transport masalasini ko‘tardi. Ya'ni MDH davlatlaridagi transport bo‘yicha idoralar o‘z ishida turizm rivojiga hissa qo‘shish masalasini ham o‘rganib chiqishlari kerak bo‘ladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati​​​​​

Ikki kunlik dastur xalqaro turistik yarmarka ochilishi va kengash yig‘ilishidan tashqari milliy stendlarni namoyish etish, yangi kombinatsiyalashgan yo‘nalishlar va yo‘lboshchilarni taqdim etish, Xalqaro «Ipak yo‘li» turizm universitetidan taqdimotni o‘z ichiga oladi

Shuningdek, tadbir dasturida «MDH davlatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruv va imkoniyatlar» mavzusida xalqaro seminar o‘tkaziladi va unda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etishadi.

Top