Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegram-kanalida xabar qilindi.
Nizomga muvofiq, Inspeksiya xodimlariga quyidagi miqdordagi oylik ustamalar belgilanadi:
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama;
uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun lavozim maoshiga 10 foizdan 60 foizgacha ustama.
Shuningdek, xodimlarga bir qator rag‘batlantiruvchi va boshqa to‘lovlar to‘lanadi.
Jumladan, yilda 1 marta moddiy yordam, shaxsiy ustamalar, bayramlar uchun mukofotlar, ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun to‘lovlar va boshqalar.
Bundan tashqari, xodimning asoslangan arizasiga ko‘ra quyidagi hollarda qo‘shimcha tarzda xodim lavozim maoshining 3 baravari miqdorigacha moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda;
alohida ehtiyoj tug‘ilganda (baxsiz hodisa, to‘y, uzoq muddatli kasallik sababli davolanish va boshqalar uchun).