O‘zbekiston | 07:35 / 01.03.2022
3254
4 daqiqa o‘qiladi

Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha yangi qoidalar joriy etildi

Vazirlar Mahkamasining «Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Nizom quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

umumiy qoidalar. Nizomda ishlatiladigan asosiy tushunchalarga quyidagilar kiradi: xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat; xabardor qiluvchilar; xabarnoma; xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar; xabarnomalar reyestri va boshqalar.

Faoliyatni amalga oshirishning talablari va shartlari:

  • talablar va shartlarga rioya etilishi shartligi hamda ularni bajarish bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga olish;
  • xabarnomada ko‘rsatilgan axborotning ishonchliligini ta’minlash;
  • xabardor qiluvchilarning nomi, yuridik manzili o‘zgarganligi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng yoki filial va vakolatxona ochilgandan so‘ng vakolatli organga 10 ish kuni ichida "Lisenziya" AT yoki YaIDXPdagi shaxsiy kabinet orqali xabar berish;
  • faoliyatni boshlash haqida xabarnoma yuborish va uni hisobga olish tartibi. Xabardor qiluvchilar ERIdan foydalangan holda, faoliyatni amalga oshirishni boshlashi uchun vakolatli organga "Lisenziya" AT yoki YaIDXP orqali xabarnoma yuboradi.

Xabardor qiluvchilarning xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini to‘xtatish, qayta tiklash va tugatish tartibi. To‘xtatish, qayta tiklash va tugatish turli sabablarga ko‘ra ro‘y beradi. Masalan, xabardor qiluvchilarning xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyati (harakatlari) quyidagi asoslarga ko‘ra muayyan muddatga to‘xtatilishi mumkin:

  • vakolatli organning tashabbusi bilan;
  • faoliyatni tugatish to‘g‘risida ish sudda ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar.

Faoliyatni nazorat qilish tartibi. Nazorat qilish quyidagi shakllar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • "Lisenziya" AT orqali xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi bo‘yicha masofaviy monitoring;
  • xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishini asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda va tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan belgilangan tartibda kelishilganda joyiga chiqqan holda tekshirish orqali;
  • xabardor qiluvchilarning faoliyati bilan bog‘liq statistik axborotlarni va boshqa axborotlarni tahlil qilish orqali.

Xabarnomalar reyestrini yuritish tartibi. Xabarnomalar reyestri "Lisenziya" ATda elektron shaklda yuritiladi va undagi ma’lumot barcha uchun ochiq hisoblanadi. Xabarnomalar reyestri har bir faoliyat turi uchun alohida-alohida yuritiladi.

Vakolatli organlarning qarorlari va ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish va uni ko‘rib chiqish tartibi. Xabardor qiluvchilar "Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga muvofiq vakolatli organning qarorlari hamda uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilishga haqli.
 
Hujjat bilan faoliyatni boshlash yoki tugatish bilan bog‘liq ma’muriy shikoyatlarni respublika darajasida ko‘rib chiqish bo‘yicha apellyatsiya kengashlarining namunaviy tarkibi tasdiqlangan.

Mavzuga oid