10:20 / 01.08.2019
42529

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizom qoidalarida qarama-qarshilik mavjudmi? Prezident maktablari va OTMda savol tug‘ilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 martdagi 244-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori malakali chet ellik mutaxassislar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va uni mutlaqo yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda raqobatbardosh mehnat resurslarini jalb qilishni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur nizom respublikaga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish uchun ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek, chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalarni berish (uzaytirish) shartlari va tartibini belgilaydi.

Biroq, nizomda bir biriga qarama-qarshi qoidalar mavjudligi ish beruvchilar tomonidan xorijlik mutaxassislarni jalb qilishda ayrim savollarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, nizomning 2-bandiga ko‘ra, ushbu nizom qoidalari Prezident maktablari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan chet el fuqarolari bo‘lgan o‘qituvchilar va mutaxassislarga tatbiq etilmasligi belgilangan.

Bundan shuni tushunish mumkinki, Prezident maktablari va oliy ta'lim muassasalari xorijdan ishchi kuchini jalb qilish huquqini beruvchi ruxsatnoma yoki chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmasdan xorijdan ishchi kuchini jalb etishga yo‘l qo‘yiladi.

Biroq, nizomning 38-bandida uning 2-bandiga zid keladigan Prezident maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlashga jalb etilayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislarga tasdiqnoma berish uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im undirilishi haqida qoida belgilangan.

Bundan tashqari, nizomning 44-bandida Prezident maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlashga jalb etilayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislarga beriladigan tasdiqnomalarning amal qilish muddatiga oid qoidalar ifodalangan.

Masalaning aynan ushbu jihati bugungi kunda, ayniqsa oliy ta'lim muassasalari hisoblangan ish beruvchilarning savol va e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Tez orada ilk dars jarayonlariga start beriladigan Prezident maktablarida ham shu kabi savollar paydo bo‘lib qolsa ajab emas.

Qonun hujjatlarini o‘rgana turib, bir narsa diqqatimizni tortdi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyundagi 526-son qarori bilan tasdiqlangan «Prezident maktablari to‘g‘risida» nizomning 70-bandida O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandiga muvofiq yuqori malakali va (yoki) malakali mutaxassislarni, shuningdek, Prezident maktablarida ishlash uchun o‘qituvchilar va mutaxassislarni jalb etishda ish beruvchining ruxsatnoma olishi talab etilmasligi belgilangan.

Bundan kelib chiqadiki, biz muhokama qilayotgan nizom qoidalaridagi Prezident maktablari va oliy ta'lim muassasalari uchun istisno faqat Ruxsatnoma olish tartibiga oid qismiga tatbiq etilishi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Bordi-yu shunday bo‘lib chiqsa, shu nizomning 2-bandiga tegishli istisnolar kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Chunki, ta'limni rivojlantirishga oid qator hujjatlar qabul qilinib, sohaga xorijlik mutaxassislarni keng jalb etish lozimligi takror va takror uqtirilmoqda.

Nizomning 2-bandidagi istisnoni o‘qigan OTM vakili, tabiiyki, hujjatning davomini o‘qib ham o‘tirmaydi. Endi faraz qilaylik, nizomning davomidan bexabar oliy ta'lim muassasasi xorijlik mutaxassisni tasdiqnoma olmasdan turib ishga qabul qilgan bo‘lsa, qonunni buzgan bo‘lib qoladimi?..

Boz ustiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda xorijiy ishchi kuchini O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzishda ifodalangan qilmish uchun ma'muriy javobgarlik (49-4-modda) belgilangan.

Xulosamizni rasmiylarga savol bilan bilan yakunlamoqchimiz: Prezident maktablari va OTMlar ushbu muhokama qilingan nizomda aytilgan tasdiqnomani olishga majburmi yoki majbur emasmi?

Eslatib o‘tamiz, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 43-moddasiga ko‘ra, qonun osti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, hujjat yuzasidan Vazirlar Mahkamasi sharh berishi joiz. Hech bo‘lmaganda Adliya vazirligi yoki soha bo‘yicha mas'ul Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi albatta munosabat bildirishidan umid bildirib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov,
huquqshunos

Top