22:41 / 30.09.2019
0
26801

Afrikalik diktatorning o‘g‘lidan musodara qilingan mashinalar 27 mln dollarga sotildi

Foto: motor.ru

Shveytsariya prokuraturasi Ekvatorial Gvineya prezidentining o‘g‘li, mamlakat vitse-prezidenti Teodorin Ngema Obiangdan pul yuvish ishi bo‘yicha musodara qilgan 25 ta hashamatli avtomobildan iborat kolleksiya Bonhams auksionida 27 mln shveysar frankiga (27 mln dollar) sotildi.

Mashinalardan eng qimmatga ketgani oq rangdagi 2014 yilgi Lamborghini Veneno Roadster sportkari bo‘ldi. Italyan markasining 50 yillik yubileyiga bor-yo‘g‘i 9 dona ishlab chiqarilgan mashina 750 ot kuchiga ega bo‘lib, 100 km/soat tezlikka 2,9 soniyada erisha oladi. Ushbu mashina uchun noma'lum xaridor 8,28 mln frank to‘lagan. Bu mashinaning boshlang‘ich narxi 5 mln dollarga baholangandi.   

Foto: motor.ru
Foto: motor.ru
Foto: motor.ru

Shuningdek, Obiangga tegishli Aston Martin One-77 1,55 mln frankka, Koenigsegg One:1 esa 4,6 mln frankka sotilgan. Bugatti Veyron EB 16.4 modeli uchun esa 1,3 mln frank olingan. Auksion uyi vakilining ta'kidlashicha, bir nechta avtomobilni BAAlik kolleksioner xarid qilgan.

Obiangning avtomobillari pul yuvish bo‘yicha unga qarshi olib borilgan ish doirasida bir necha yil avval musodara qilingan. Unga qarshi ishning to‘xtatilishi shartlaridan biri avtomobillarning Shveytsariya hukumati foydasiga topshirilishi bo‘lgan. 

Olingan pullar Ekvatorial Gvineyada notijorat jamg‘armalari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga yo‘naltiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top