15:56 / 19.10.2019
1
19254

Namangan Sity qurilishi uchun Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan memorandum imzolandi

Imzolangan memorandumga ko‘ra, 78 ga maydonda barpo etiladigan Namangan Sity’dan biznes-markaz, zamonaviy savdo majmualari, 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar o‘rin oladi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

18 oktabr kuni Namangan viloyati hokimligi hamda Saudiya Arabistonining «Al Qusaier company» kompaniyasi o‘rtasida Namangan shahrida Namangan Sity ishbilarmonlik markazi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Kun.uz’ga Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda «Al Qusaier company» bosh direktori Abdulaziz al-Qusayr tomonidan imzolangan memorandumga ko‘ra, «Namangan Sity» Namangan shahrida 78 gektar maydonda barpo etiladi. Ishbilarmonlik markazidan biznes-markaz, zamonaviy savdo majmualari, 3-4-5 yulduzli mehmonxonalar, ofislar, konferensiyalar saroyi, ko‘rgazma zallari, turar-joylar va villalar, maktab, bolalar bog‘chasi, restoranlar va boshqa ijtimoiy soha obektlari o‘rin oladi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati
Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Loyihani moliyalashtirish to‘laligicha «Al Qusaier company» kompaniyasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyat hokimligi «Namangan Sity» faoliyati uchun zarur bo‘lgan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv ta'minoti, kanalizatsiya, kirish yo‘llari va boshqalar) bilan ta'minlashga doir masalalarni hal etadi hamda loyihani amalga oshirish uchun kerakli ruxsatnomalarni olishda va loyihani amalga oshirish va foydalanish davrida malakali kadrlar bilan ta'minlashga ko‘maklashadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top