15:20 / 01.11.2019
0
11313

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston bosh vazirini qabul qildi

Bugun, 1 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga a'zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident mehmonni samimiy qutlab, qardosh mamlakatlar rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan uchrashuvlari hamda ularning natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Asqar Mamin O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning birinchi prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va prezident Qosim-Jomart To‘qayevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro savdo hajmi ortib, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani alohida ta'kidlandi. O‘zbekistonda o‘tayotgan Qozog‘iston yili doirasida hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan.

Bundan oldin, 2 noyabr kuni Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan majlisida ishtirok etishi xabar berilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top