Hongkong hukumati 18 yoshdan katta bo‘lgan har bir fuqarosiga 10 ming Hongkong dollari (HKD) miqdorida beg‘araz yordam ajratishga qaror qildi. Bu chora savdoni (iqtisodiyotni) jonlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hongkongning moliyaviy kotibi Pol Chan Mo-po mahalliy aholiga va biznesga juda katta moliyaviy yordam berilishini e'lon qildi.
Dasturga ko‘ra, mamlakatning 18 yoshga to‘lgan har bir fuqarosiga 10 ming HKD (yoki 1200 AQSh dollari) miqdorida beg‘araz yordam beriladi. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari, davlat mulki ijarasi qiymatining pasaytirilishi, shuningdek, kam ta'minlangan qatlamlarga beriladigan yordam miqdorini 2 barobar oshirish kabi choralar ham qo‘llanadi. Ish o‘rinlarini saqlab qolish sharti bilan kichik biznes sub'yektlariga imtiyozli kreditlar ajratiladi, foyda solig‘i pasaytiriladi, elektr energiya xarajatlari to‘lab beriladi. Koronavirus va ommaviy namoyishlardan zarar ko‘rgan turizm sohasi ham moddiy tarzda qo‘llab-quvvatlanadi. Hongkong hukumati bu dasturni amalga oshirish uchun 120 milliard HKD (15 milliard AQSh dollari) ajratdi. Bu dasturdan asosiy maqsad – aholining iste'mol talabini oshirish, savdoni jonlantirish va iqtisodiyotni rivojlantirishdir.
Qayd qilish joizki, dasturning amalga oshirilishi Hongkong budjetida 139 milliard HKD miqdoridagi defitsitni keltirib chiqaradi. Rejaga ko‘ra, u 6 yil davomida bartaraf qilinishi kerak.