21:17 / 11.04.2020
14825

Yunusoboddagi o‘zini oqlamagan «eksperiment» qisman bekor bo‘ldi. Tabiiy gaz masalasi esa ochiq qolmoqda

Yunusobod tumani aholisiga elektr energiyasidan foydalanish uchun belgilangan limit bekor qilindi. Bu haqida Energetika vazirligi ma'lum qildi. Mazkur masala yuzasidan Kun.uz saytida qator tanqidiy maqolalar e'lon qilingan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 noyabrdagi 897-sonli qarori bilan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Yunusobod tumani aholisi foydalanilgan tabiiy gaz va elektr energiyasining limitdan oshgan qismi uchun belgilangan tarifga nisbatan 1,2 barabar haq to‘lash tartibi joriy etilgan edi.

Hukumatning 2019 yil 30 iyuldagi 633-sonli qarori bilan Yunusobod tumanida qo‘llanilgan bu amaliyot natijalari ijobiy deb topilgandi. Ushbu qaror bilan tegishli vazirliklarga tabiiy gaz va elektr energiyasi iste'molining bazaviy normalarini qo‘llash mexanizmlari va miqdorlari to‘g‘risida takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan.

Biroq, hukumatning mazkur qarori ijrosiz qolib, buning oqibatida yunusobodliklar jabr ko‘rayotgani aytilgan edi

Shu yilning 11 aprel kuni Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.

“Shu yilning mart oyida Energetika vazirligi karantin bilan bog‘liq bo‘lgan, va bunda aholi asosan vaqtini uyida o‘tkazishini hisobga olgan holda Moliya vazirligiga ushbu tajribani bekor qilish haqidagi murojaatini yo‘llagan edi. Bu barcha abonentlarga hozirgi paytda elektr energiyasi uchun haq to‘lashda teng sharoitda bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

Moliya vazirligidan 2020 yil 25 martda olingan javobga muvofiq, poytxatning Yunusobod tumanida elektr energiyasi iste'molining bazaviy me'yorini yuritish bekor qilindi” deyiladi vazirlikning axborotida.

Ammo, shu bilan muammo to‘laligicha o‘z yechimini topdi, deb aytib bo‘lmaydi. Chunki vazirlik bayonotida faqat elektr energiyasi uchun belgilangan cheklovlar bekor qilingani ma'lum qilindi.

Vaholanki hukumat qarori bilan tabiiy gazning bazaviy normasiga ham limit belgilangan bo‘lib, vazirlik axborotida yunusobodliklarning tabiiy gazdan foydalanishiga oid cheklov bekor bo‘lgani haqida ma'lumotlar keltirilmagan.

Bu haqida Energetika vazirligining qo‘shimcha axborotini kutib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov

Top