16:48 / 13.05.2020
12207

Xitoydan O‘zbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yetib keldi

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mutasaddilari Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan tibbiyot vositalarini qabul qilib oldi.

Xitoy harbiy samolyoti bortida jami 2,5 tonnaga yaqin 13 turdagi tibbiyot vositalari olib kelindi. Ular asosan yuqumli kasalliklardan himoyalovchi tibbiyot niqoblari, ko‘zoynaklar, maxsus kiyimlar, masofadan turib tana haroratini o‘lchovchi termometr, dezinfeksiyalovchi apparat kabi eng zarur buyum va vositalardan tashkil topgan. Mazkur insonparvarlik yordamining umumiy miqdori 2 million Xitoy yuaniga, ya'ni 2 milliard 870 million so‘mga yaqin.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida mazkur insonparvarlik yordamini topshirish marosimida XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan, Xitoyning O‘zbekistondagi harbiy attashesi, katta polkovnik Syuy Chanchji O‘zbekiston-Xitoy aloqalari birinchi navbatda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarining samarasi ekanini ta'kidladi.

– Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik hozirgi epidemiya davrida ikki xalqning bir-biriga o‘zaro ko‘mak berishga doim tayyorligini ko‘rsatdi, – deydi Tszyan Yan. – Xitoy xalqi karantin qoidalarini hisobga olgan holda, qiyin va sinovli damlarda ham epidemiyaga qarshi kurashda maxsus samolyot orqali o‘zbek xalqiga o‘z vaqtida zarur insonparvarlik yordamini yetkazgani bunga yaqqol misoldir. Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, do‘sting uzoqda bo‘lsa ham, ko‘ngli yaqin bo‘ladi. Ta'kidlash kerakki, ikki mamlakat o‘rtasida barcha jabhalarda har tomonlama mustahkam, do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Xitoy Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari tomonidan keltirilgan mazkur ko‘mak o‘zbek xalqining pandemiyadan tezda qutulib, odatdagidek faol hayotga qaytishi va dadil oyoqqa turishiga muayyan darajada xizmat qiladi. Biz birgalikda albatta bu virus ustidan g‘alaba qozonamiz.

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top