14:18 / 02.06.2020
10171

O‘zbekiston Cotton Campaign’ni 2020 yilgi paxta kampaniyasini monitoring qilishga taklif etdi

Joriy yilda paxta kampaniyasini monitoring qilish bo‘yicha O‘zbekiston Cotton Campaign’ni bevosita hamkorlikka taklif qildi. Bu haqda respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

«Ish o‘rinlari tashkil etish muammosini hal qilish uchun, mamlakatdagi aholi bandligi bo‘yicha yetakchi tarmoqlardan biriga aylanishda katta istiqbolga ega bo‘lgan to‘qimachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish mumkin. Ammo bu xalqaro tashkilotlar, to‘qimachilik bozori va biznesning ko‘magisiz bo‘lmaydi. Shu sababli, joriy yilda inspektorlar va ularning yordamchilari, ish beruvchilar, hokimlar, fermerlar, fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari ishchilari uchun Xalqaro mehnat tashkilotining milliy va xalqaro ekspertlarini jalb qilgan holda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha treninglar o‘tkazish orqali joylarda ishlarni kuchaytirish rejalashtirilmoqda», - deya ta'kidlab o‘tishdi vazirlikdan.

Bundan tashqari, majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi, buning uchun sudyalar, prokurorlar va advokatlar ushbu masalalar bo‘yicha o‘qitiladi. Ishga olish, mehnat shartnomasini to‘g‘ri rasmiylashtirish to‘g‘risida tushuntirishlar beriladi, qishloq xo‘jaligidagi kompaniyalar tomonidan ishchilarni jalb qilish bo‘yicha bandlikka ko‘maklashish tuman markazlarining imkoniyatlarini kuchaytirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

«Majburiy mehnatning har qanday shakli O‘zbekistonda paxta va to‘qimachilik sanoatining rivojlanishi uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi hamda mamlakatning obro‘siga putur yetkazadi. So‘nggi 4 yil ichida paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga jalb qilish holatlari 4 baravar kamaydi - 2015 yildagi 448 ming kishidan 2019 yildagi 102 ming kishigacha. O‘zbekiston hukumati mamlakatda munosib mehnat sharoitlarini ta'minlash bo‘yicha izchil siyosat olib bormoqda», - dedi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov. 

Mavzuga oid
Top