21:05 / 14.06.2020
10704

Isroilda Tramp sharafiga shahar qurish bo‘yicha ishlar boshlandi

Isroil hukumati AQSh prezidenti Donald Tramp sharafiga Jo‘lon (Golan) tepaliklarida manzilgoh qurish bo‘yicha ishni boshladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu e'lon qildi.

Foto: Getty Images

“Bugun Jo‘lon tepaliklarida Ramat-Tramp manzilgohini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlaymiz”, deb aytgan Netanyaxu.
 
The Jerusalem Post nashrining yozishicha, Isroil hukumati bu maqsadda boshlang‘ich budjetni ma'qullagan va 8 mln shekel (2,3 mln dollar) ajratgan. Ushbu pullar manzilgohni rejalashtirish va unda vaqtinchalik inshootlar qurishga yo‘naltiriladi. Aholi punktini yaratishdagi keyingi qadam qurilish uchun yer sotilishi bo‘ladi.

Foto: NBC

Jo‘lon tepaliklari Yaqin Sharqdagi bahsli hudud bo‘lib, 1967 yildagi olti kunlik urush davomida Isroil tomonidan bosib olingan. Ungacha ushbu hudud Suriya nazoratida bo‘lgan. Ikkala davlat ham tepaliklarni o‘zining yeri deb hisoblaydi. BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga ko‘ra, bu hudud hamon okkupatsiya qilingan hudud deb hisoblanadi.

Netanyaxu tepaliklarda Tramp sharafiga manzilgoh paydo bo‘lishini 2019 yil aprelda e'lon qilgan. O‘sha yilning iyunida esa manzilgohga “Ramat-Tramp” nomi berilgan. Isroil bosh vaziri bunday manzilgoh 2019 yil martida Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti deb va Isroilning Jo‘lon tepaliklari ustidan suverenitetini tan olishiga hurmat yuzasidan qurilishini ma'lum qilgan.

Biroq Trampning ushbu qarori bir qator davlatlar, jumladan, Rossiya, Turkiya va Suriya tomonidan qoralangan. Shuningdek, BMT va Yevropa ittifoqi ham tepaliklarning Isroilniki deb tan olinishiga qarshi chiqqan.

Mavzuga oid
Top