Jahon | 08:57 / 22.04.2024
2542
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri Isroil bosh vazirini keskinlikni yumshatishga chaqirdi

Olaf Shols Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatlashdi. Berlinda ta’kidlanganidek, Germaniya kansleri Yevropa Ittifoqining Eronga qarshi yangi sanksiyalari haqida ma’lum qildi, Isroil bosh vaziri esa unga mintaqadagi vaziyat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: Kobi Gideon (GPO)/Handout/Anadolu/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qildi. U o‘zining isroillik hamkasbini Yaqin Sharqdagi mojaroning yanada kuchayishiga va uning mintaqa boshqa mamlakatlariga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi, dedi 21 aprel, yakshanba kuni kechqurun Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebstreyt. 

Shu bilan birga, Shols federal hukumat Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirib, «Yettilik guruhi» va Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar bilan yaqindan ishlashda davom etishini tasdiqladi. U Yevropa kengashining bir hafta oldin Isroilga hujum qilgan Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirish to‘g‘risidagi qarori haqida ma’lum qildi, deyiladi bayonotda. 

O‘z navbatida Netanyahu mintaqadagi vaziyat haqida Sholsga ma’lumot berdi.

Eronning Isroilga hujumi

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.

Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan. 

10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi.

Mavzuga oid