20:14 / 23.06.2020
7221

Nurafshonda “aqlli shahar” qurilishi uchun 213 ta obekt buzilib, ularning egalariga 24,5 mlrd so‘m tovon to‘langani ma'lum qilindi

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida O‘zbekistondagi ilk “Smart City” (“aqlli shahar”) qurilishi uchun Toshkent yo‘li ko‘chasida 213 ta obekt buzilib, joy egalariga mahalliy budjet hisobidan 24,5 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, shaharning markaziy ko‘chasida 172 ta bino va inshoot barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 36 tasida qurilish ishlari olib borilyapti. Ushbu obektlarga suv va kanalizatsiya tarmoqlari tortilmoqda.

«Kanalizatsiya tizimi, ichimlik suv, gaz va elektr energiyasi ta'minotlari butunlay yangidan yo‘lga qo‘yiladi. Kanalizatsiya va ichimlik suv quvurlari uchun hukumatimiz tomonidan 141 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, 4 ming kub suvni tozalaydigan inshoot barpo etilmoqda. Toshkent yo‘li ko‘chasida 9 ta banklarning binolari bunyod etildi. Bir-ikki yil mobaynida 96 ta ana shunday inshootlar quriladi. Hozirgi kunda 14 ta yetti qavatli turarjoy binosi foydalanishga topshirildi.

Shu bilan birga, shaharda Yoshlar ittifoqining viloyat kengashi, viloyat Adliya, Moliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari ma'muriy binolari, avtosalon qurilib, foydalanishga topshirildi», – deydi xalq deputatlari Nurafshon shahar kengashi deputati Ahmadali Sarmonov.

Toshkent viloyatining ma'muriy markazi hisoblangan Nurafshon shahrini mamlakatimizdagi birinchi aqlli shaharga aylantirish haqidagi konsepsiyaga muvofiq shaharda ma'muriy binolar, zamonaviy turarjoylar, biznes markazlari, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazlari, kutubxonalar, maktablar, ko‘p tarmoqli shifoxonalar bunyod etiladi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, istirohat bog‘lari, yashil maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar, yo‘llar quriladi. Jamoat transporti harakati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Uch yil davomida tor va uydim-chuqur ichki ko‘chalar, ta'mirtalab avtomobil yo‘llari, xullas, shahardagi butun infratuzilma yangilanib boriladi.  

Umumiy maydoni 217 gektar gektardan iborat bo‘lgan To‘ytepa shaharchasi o‘rnida vujudga kelgan Nurafshon shahrining jami maydoni bugungi kunda qariyb 16 baravar kengaygan bo‘lib, ayni paytda 3248,2 gektarga teng. Mavjud 22 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 48,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, joriy yilda Nurafshon shahrida umumiy qiymati 782 mlrd 500 mln so‘mdan iborat 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top