19:00 / 25.08.2020
22802

Ota-onalar orqali hududlardagi sharoitni bilib olamiz – Vazir maktablar ochilishi haqida

Bugun, 25 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda 2020-2021 o‘quv yilini boshlash va sanitariya qoidalariga rioya etilishi tartibi masalalari haqida gapirdi.

Sherzod Shermatov Foto: KUN.UZ

«Xalq ta'limi vazirligi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha 3ta ssenariy ustida ishlayotganidan barchaning xabari bor. Bundan tashqari, biz maktablarga ota-onalarni yig‘ib, ularning fikrini bilaylik, dedik. E'lon qilingan so‘rovnoma orqali ota-onalar fikrini bilmoqchimiz. 2 kun davomida buni o‘rganamiz.

Ota-onalar o‘z fikri va uy sharoitidan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak. Buning bilan biz har bir maktab, hudud ahvolini bilib olamiz», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir ota-onalar fikriga ko‘ra yana qo‘shimcha qaror qabul qilishga imkoniyat bo‘lishini ta'kidlab o‘tgan.

«Qonunchilikda ta'lim majburiy hisoblanadi. Agarda ta'limni an'anaviy shaklda davom ettiradigan bo‘lsak, bolalarning maktabga kelishini talab qilishimizga to‘g‘ri keladi. Pandemiya sharoitida bu unchalik to‘g‘ri emas. Shuning uchun ota-onalar fikrini bilish muhim.

Sentyabrda 6 million 300 ming o‘quvchi maktabga keladi. Agar darslarni an'anaviy tarzda o‘tkazadigan bo‘lsak, 4 million bolaning ota-onasi norozi bo‘ladi. Agar onlayn tarzda dars o‘tiladigan bo‘lsa, qolgan 2 million bolaning ota-onasi norozi bo‘ladi. Shuning uchun ularning hammasini rozi qilishga harakat qilinmoqda va ota-onalarning fikrlari o‘rganilmoqda. 

So‘rovnomaning maqsadi ham shu: darslarning qanday tashkillashtirilishini ota-onalarning o‘zlari hal qilishsin», deya qayd etgan u.

Vazir ota-onalardan obektiv fikrlarini berishlarini so‘ragan.

Bundan avvalroq Xalq ta'limi vaziri O‘zbekistonda bu yilgi o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash taklifi kiritilgani haqida xabar bergandi.

Top