16:11 / 26.08.2020
62254

Rossiya va boshqalar: o‘zbek muhojirlari yo‘l olayotgan beshta asosiy manzil

2019 yil yakunlari bo‘yicha dunyo bo‘ylab 270-300 million nafarga yaqin muhojirlar borligi hisob-kitob qilingan. BMT ma'lumotlariga qaraganda, ularning soni 1990 yilda 120 mln kishi bo‘lgan bo‘lsa, hozir 2000 yilga nisbatan, ya'ni noto‘liq yigirma yil ichida 50 foizga ortgan.

Foto: RIA Novosti

Yana boshqa hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo aholisi orasida muhojirlar ulushi barqaror tarzda, kamida 3 foiz miqdorda saqlanib turibdi. Rivojlanayotgan davlatlar umumiy aholisi orasida ularning soni 2 foiz atrofida bo‘lsa, rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 7-12 foizga yetadi.

21-asrga kelib migratsiya yangi bosqichga chiqdi. Oldin yuz ming yoki millionlarni qamragan bu ijtimoiy jarayon bugungi kunga kelib yuzlab million insonlar hayotiga daxldor bo‘lib qoldi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi migratsiya jarayonlari haqida so‘z yuritamiz.

Mehnat migratsiyasi – mehnatga layoqatli insonlarning yuqori daromadli ish ilinjida bir davlat ichida yoki davlatlararo ko‘chishi hisoblanadi. Bu kuchli iqtisodiy omil bo‘lib, bir tarafdan ishchilarga bo‘lgan talabni qondirsa, ikkinchi tarafdan ishsizlik muammosi og‘ir hududlardagi taranglikni yumshatishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston ham chetga muhojirlarni yo‘llash bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Aholining sobiq ittifoq davlatlari orasida ham, dunyo davlatlari orasida ham o‘sish darajasi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda borishi va mehnat bozorining bu darajada kengaya olmasligi migratsiyaga keng yo‘l ochib berdi.

Hamyurtlarimiz eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar beshligi quyidagicha:

1. Rossiya

2. Qozog‘iston

3. Turkiya

4. Janubiy Koreya

5. AQSh

Xorijdagi mehnat muhojirlari tomonidan yo‘llangan mablag‘larning 90 foizidan ortig‘i aynan mana shu davlatlarga yo‘l olgan yurtdoshlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya

Pandemiya shubhasiz o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Ko‘p yillar davomida fuqarolari soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston muhojirlar soni bo‘yicha hozir Rossiyada ikkinchi o‘rinda bormoqda. Birinchilikka ukrainaliklar chiqqan. Ammo bu yerda pandemiyadan tashqari yana bir nozik jihatni hisobga olish lozim. So‘nggi yillarda Rossiya qonunchiligi migrantlar uchun qattiq talablarni qo‘yayotgani, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari muhojirlaridan haddan tashqari ko‘p hujjatlar talab qilinayotgani bois ko‘pchilik noqonuniy (nolegal) maqomga tushib qolmoqda va tabiiyki, bu ro‘yxatdan chiqib ketmoqda. Ularning aniq sonini aniqlash esa juda mushkul. Shuningdek, ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiya pasportini olishga ulgurib, allaqachon muhojirlik maqomidan chiqishgan.

O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘nalgan migratsiya oqimining o‘ziga xos jihati shundaki, bu yo‘nalishdagi migrantlarning ko‘pchiligi nomutaxassislar, ya'ni o‘z sohasida ishlamaydigan, murakkab bo‘lmagan, kam haq to‘lanuvchi har qanday ishni qilib ketaveradiganlar, odatda qurilishda ishlaydiganlardan iborat. Lekin oxirgi yillar tendensiyasiga e'tibor qilinadigan bo‘lsa, Rossiyaga yo‘l olgan yoki muntazam borib kelayotgan ishchilarning malakasi oshib bormoqda va ular endi tobora ko‘proq haq to‘lanuvchi va nufuzliroq ish o‘rinlarini ham egallashmoqda. Hozir taksi haydovchilari, do‘konlardagi sotuvchilar, turli-tuman jihozlar ustalari, mehmonxona xizmatchilari, oshxona va restoranlarda ishlovchi o‘zbeklar talaygina.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan migrantlarni kasbga o‘rgatish bo‘yicha dasturlar qabul qilinmoqda. Maqsad aniq, asosan Rossiya bozorida munosib o‘rin egallash.

Rossiyaga yo‘nalgan migratsiyaning o‘ziga xos va asosiy jihati, albatta, mehnat muhojirlari O‘zbekistonga jo‘natgan pul miqdoridir. Bu miqdor ham har yili Rossiya iqtisodiga mutanosib ravishda o‘zgarib turadi. Bu boradagi rekord ko‘rsatkich 2012–2013-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillari o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyadan vataniga bir yilda 6,7 mlrd AQSh dollari jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan.

Keyinchalik bu mablag‘ kamaya boshladi. Buning bir necha sabablari bor edi: Qrim voqeasidan so‘ng Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llandi, AQSh dollarining qiymati avval Rossiyada, keyinchalik MDH davlatlarida ancha oshdi, Rossiya muhojirlarga mehnat qilish huquqini berishda talab qilinuvchi hujjatlarni keskin ko‘paytirdi, o‘zbek muhojirlari ham yuqoridagi muammolar tufayli boshqa yo‘nalishlarni tanlay boshladilar.

Shunday bo‘lsa-da, umumiy o‘tkazmalar ichida Rossiya ulushi hamon juda ulkan. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, 2019 yilda 4,5 mlrd dollardan ortdi. Ya'ni amalda bu davlatdagi vatandoshlar hissasi 75-77 foiz atrofida.

Qozog‘iston

Qo‘shni davlatga o‘tib ishlash ko‘pchilik uchun ichki migratsiya singari qabul qilinadi. Tildagi va urf-odatlardagi uyg‘unlik, hududiy yaqinlik, qarindoshlik rishtalarining mavjudligi va Qozog‘iston iqtisodining ko‘p yillar davomida jadal rivojlangani bu davlatga yo‘l oluvchi muhojirlar sonining ham ortib borishiga sabab bo‘ldi.

Ammo so‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi muhojirlar soni pasayishga qarab ketdi, chunki boshqa davlatlardagi yuqori maoshlar oldida Qozog‘iston migrantlar oldida jozibadorligini yo‘qota boshladi.

Shunga qaramay, 2019 yil yakunlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar bu davlatdan O‘zbekistonga 350 mln dollardan ko‘proq mablag‘ o‘tkazgan.

AQSh

Jahonning eng rivojlangan va badavlat davlatiga yo‘l olgan o‘zbekistonliklar soni sovet ittifoqi tarqalganidan keyin keskin oshgan. Ammo keyinchalik viza olish yildan yilga murakkablashib borishi o‘ziga xos teskari effektni yuzaga keltirgan – amallab viza olgan o‘zbekistonlik muhojir darhol nolegal holatga o‘tadi va yillar davomida qaytish haqida o‘ylamaydi.

Ular jo‘natayotgan mablag‘ miqdori ham boshqa davlatlardagi mehnat muhojirlarinikidan ancha yuqori. Shu bilan birga, AQShda yashayotgan vatandoshlar soni bo‘yicha ham aniq statistika yo‘q. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, bu raqam bir necha yuz mingni tashkil etadi. Ammo ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari emas.

Shuningdek, bu davlatga o‘z kasbining ustalari, tilni biluvchi va texnologik sohalarda muvaffaqiyat qozongan, bir so‘z bilan aytganda yosh va istiqbolli mutaxassislar ham yo‘l olmoqdaki, dunyoni tashvishga solayotgan va O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotgan malakali mutaxassislarning chetga chiqib ketishi (intellektual migratsiya) masalasi alohida bir maqolaga mavzu bo‘la oladi.

2019 yilda Amerikadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari orqali 220 mln dollar kirib kelgan.

Turkiya

Bu mamlakatni ko‘pchilik hordiq chiqarish va xaridlar uchun qulay davlat hisoblaydi. Ammo bu bir taraflama qarash. Migratsiya nuqtayi nazaridan Turkiya – tildagi o‘xshashliklar, viza talab qilinmasligi, o‘zbek diasporasining ko‘p sonliligi, iqlimi va eng muhimi – to‘lanadigan haq miqdori bo‘yicha o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda.

Ammo bu yerda ham o‘ziga xos jihat bor – Rossiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarga asosan erkaklar ishchi kuchi sifatida yo‘l olsa, Turkiyaga ko‘proq ayollar pul topish uchun boradi. Albatta, ayollarning obro‘siga putur yetkazuvchi ishlar ham ko‘p fosh etilsa-da, xonadonlarda xizmatchilik, enagalik, ofitsiantlik, mehmonxonalardagi oddiyroq ishlarda ko‘plab o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin.

O‘zbekiston fuqarolarining, aynan mehnat muhojirlarining bu yurtdagi umumiy miqdori bo‘yicha ham aniq hisob-kitob yuritilmagan. Buning sababi – ko‘pchilik bu davlatga sayyoh maqomida kirib keladi va qisqa fursatda ortga qaytadi. Mavsumiy o‘zgarishlarga xos statistikaga ko‘ra ham bu davlatda 200 mingdan ortiq o‘zbekistonlik muntazam mehnat qiladi.

Bu davlatdan O‘zbekistonga rasmiy o‘tkazmalar orqali 2019 yilda 200 mln dollar atrofida mablag‘ kirib kelgan. Bu yerda ham o‘ziga xos jihat mavjud – ko‘plab muhojirlar Turkiyadagi jamg‘armalarini turli mahsulotlar (kiyim-kechak, zargarlik mollari) shaklida O‘zbekistonga olib kiradilar va shu yerda sotadilar.

Janubiy Koreya

So‘nggi 3 yil ichida Janubiy Koreyadan keladigan mablag‘ miqdori 3 barobarga ortgani qayd etilgan. Osiyoning jadal rivojlanayotgan bu davlati, ko‘p yillardirki, muhojirlarni katta miqdorda qabul qilib keladi. Sanoat taraqqiy etgan Janubiy Koreyada o‘zbekistonliklar soni ham yildan yilga ko‘payib bormoqda.

Albatta, hozircha Koreyadagi vatandoshlar soni xitoylik (taxminan 1 mln kishi va bu davlatdagi umumiy mehnat muhojirlarining 50 foizidan ortig‘i), tailandlik yoki vetnamlik muhojirlarchalik emas. Lekin baribir Janubiy Koreya aynan mehnat muhojirligi bo‘yicha O‘zbekiston uchun katta yo‘nalish bo‘lib qoldi. Hozirgi kunda, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 55 mingdan ortiq o‘zbekistonlik (umumiy muhojirlarning 3 foizi) Koreyada mehnat qilmoqda.

Koreya yarimoroliga yo‘l olishning o‘ziga xos jihatlari ko‘p. Avvalo, Koreya Respublikasi tomoni faqat malakali ishchilarni, tilni minimal darajada bilishni va mehnat qonunchiligiga qat'iy rioya etishni talab qiladi. Shuningdek, faqat maxsus taklif bilangina bu davlatga ishga borish mumkin. Shunga qaramay, o‘zbekistonlik muhojirlar sabot bilan bu qiyinchiliklarni yengib o‘tib, bu mamlakatdagi saflarini kengaytirib bormoqda.

2019 yilda Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga 160 mln dollar mablag‘ o‘tkazilgan.

Bu besh davlat – o‘zbek mehnat muhojirlari yo‘l oladigan asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi. Lekin ayni paytda dunyoning har bir burchagida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini uchratish mumkin. Qizig‘i, bugungi kunga kelib mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. Qachondir migrantlarimizga «dangasalar va o‘z davlatida o‘rnini topa olmaganlar» degan qarashlar ham bo‘lgan bo‘lsa, endi eng yuqori doiralarda ham ular faoliyatiga ijobiy baho berilmoqda.

Abror Zohidov

Top