11:06 / 10.11.2020
15417

DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarni fosh etdi

DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida zig‘ir va kungaboqardan yog‘ ishlab chiqaruvchi korxona qurilishi uchun aksiyadorlik tijorat bankidan 2 mlrd. 800 mln. so‘m kredit chiqartirib berish evaziga mahalliy tadbirkordan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida 3 nafar shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti xodimi 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U mazkur pul mablag‘i evaziga tanishlarining yordami orqali fuqaroni Rossiyaning Qozon Federal universitetining turizm fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

DXX va Departament xodimlarining Sirdaryo viloyatida o‘tkazgan tezkor tadbirida esa viloyat kardiologiya dispanserida bosh hisobchi lavozimida ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroni Qozog‘iston Respublikasidagi tanishlari orqali Chimkent shahridagi oliy ta'lim muassasasining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga undan 2700 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top