19:10 / 18.12.2020
5287

Parij meriyasi rahbariyatda ayollar ko‘payib ketganligi uchun jarimaga tortildi

Fransiya dunyoda kompaniyalar direktorlar kengashida ayollar ulushi eng yuqori bo‘lgan mamlakat hisoblanadi.

Foto: AFP/Getty Images

Fransiya davlat xizmati vazirligi Parij meriyasini rahbarlik lavozimlarida ayollar soni ko‘payib ketganligi uchun 90 ming yevro jarimaga tortdi.

2018 yilda meriyadagi rahbarlik lavozimlariga 11 nafar ayol va besh nafar erkak tayinlangan. Bu rahbarlik lavozimlarida bir jinsdagilarning ulushi 60 foizdan oshib ketmasligi to‘g‘risidagi 2013 yilda qabul qilingan qonunga ziddir. Parij meriyasida 2018 yilda ayollar ulushi 69 foizni tashkil etgan.

"Bu bema'ni, adolatsiz, mas'uliyatsiz va xavfli jarima", - dedi shahar meri Anna Idalgo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tenglikka erishish uchun "erkaklar o‘rniga ayollarni tayinlash sur'atini yanada tezlashtirish kerak".

Fransiya shuningdek, xususiy sektorda ham gender tengligiga erishishga harakat qilmoqda. Spencer Stuart hisobotiga ko‘ra, Fransiya dunyoda kompaniyalar direktorlar kengashida ayollar ulushi eng yuqori bo‘lgan mamlakat hisoblanadi – 44,6 foiz. AQShda bu ko‘rsatkich 28, Buyuk Britaniyada 33,8, Yaponiyada 11 foizni tashkil etadi. 

Top