«Nimanidir istisno etmaslik – buni qilishni anglatmaydi». Makronning noaniq bayonotlari zanjiri
Fransiya prezidenti g‘arb davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligini aytgandi. Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin esa Ukrainaga jo‘natish uchun kontingent tayyorlanayotgani haqida ma’lumot mavjudligini bildirgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 26 fevral kuni Yevropaning 20 mamlakati yetakchilari Kiyevga yordam masalasini muhokama etgan Parij konferensiyasidan keyin jurnalistlarga Yevropa mamlakatlari Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligini aytgandi. Makron darhol bu variant faqat faraziy jihatdan ko‘rib chiqilishini aytib, o‘z so‘zlaridagi keskinlikni yumshatishga harakat qildi — ammo baribir bu ko‘plab nashrlar hamda rossiyalik propagandachilarning favqulodda hissiy reaksiyasini keltirib chiqardi, OAVda Rossiya va NATO o‘rtasidagi ehtimoliy urush jiddiy muhokama qilina boshlandi. Keyinroq Fransiya rahbariyati vakillari gap faqat ukrain harbiylarini joyida o‘qitish uchun harbiy instruktorlarni yuborish haqida ketganini ayta boshlashdi. Bu munozaralar qanday rivojlangani — Parij, Moskva va Kiyevda yangragan iqtiboslar orqali ko‘rib chiqiladi.
26 fevral, Emmanuel Makron
Biz buni muhokama etdik. Hozircha qo‘shin yuborish borasida konsensus yo‘q. Ammo bu masalada kelgusidagi hech narsa istisno qilinmaydi. Biz Rossiya bu urushda g‘olib bo‘la olmasligi uchun barcha ishni qilamiz.
27 fevral, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov
Bu holatda [qo‘shinlar yuborilganda] [NATO bilan mojaro] ehtimoli haqida emas, muqarrarligi haqida gap ketishi kerak.
Fransiya TIV rahbari Stefan Sejurne
Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muayyan ehtiyojlarni qondiradigan yangi harakatlarni nazarda tutishimiz kerak. Men jumladan minalardan tozalash, kibertahdidlar, qurollarni joyida, Ukraina hududida ishlab chiqarish haqida gapiryapman. Ushbu harakatlarning ayrimlari mojaroda ishtirok etish chizig‘ini kesib o‘tmagan holda Ukraina hududida bo‘lishni talab qilishi mumkin.
Fransiya mudofaa vaziri Sebastiyen Lekornyu
Gap Rossiya bilan urush olib borish uchun qo‘shin yuborish haqida emas. Stol atrofida turli g‘oyalar, jumladan minalardan tozalash va Polshada qilganimizdek, Ukraina hududida ham [harbiylarni] o‘qitish masalalari muhokama qilindi.
29 fevral, Emmanuel Makron
Bu mavzudagi har bir gapim o‘lchangan, o‘ylangan va tekshirilgan.
1 mart, Fransiya TIV rahbari Stefan Sejurne
Fransuzlar Ukraina uchun jon bermaydi. Biz harbiy harakatlarda qatnashish uchun qo‘shin yubormaymiz. Doira belgilab olingan: Rossiya bilan jang qilmasdan, u g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilish. Bu doirada, prezident aytganidek, hech narsa istisno qilinmaydi.
3 mart, Fransiya TIV rahbari Stefan Sejurne
Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi bizga juda qimmatga tushadi. Bizning kollektiv xavfsizligimiz uchun endi yalpi ichki mahsulotimizning 2 foizi emas, kattaroq mablag‘ talab etila boshlaydi
4 mart, Emmanuel Makron
Menga [27 fevral kuni] berilgan [Ukrainaga] bo‘linmalarni yuborish to‘g‘risidagi savolga javob berayotib, men hech narsa istisno etilmasligini aytgandim. Har bir so‘z muhim. Hozir yevropaliklar o‘z bayonotlari va hozirgi strategiyasi qanchalik bir-biriga mosligi borasida o‘ziga savol berishi kerak. <…> Biz Ukrainani, birinchi navbatda ukrain hududlarida qo‘llab-quvvatlash uchun qilinishi mumkin bo‘lgan barcha ishlarni muhokama qilamiz va o‘ylab ko‘ramiz.
5 mart, Fransiya TIV rahbari Stefan Sejurne
Biz Rossiya bilan jang qilmasdan, Rossiyani yengishimiz kerak. Biz mojaroda sheriklik chegarasini kesib o‘tganimiz yo‘q va o‘tmaymiz ham. <…> [Ammo] Fransiyaning Rossiyaga yo‘llaydigan nomasi aniq-tiniq: Parij Kiyevga yordam ko‘rsatishda davom etadi.
8 mart, Emmanuel Makron
Nimanidir istisno qilmaslik — uni qilishni anglatmaydi.
11 mart, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg
NATOda Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi yo‘q, alyans ham, uning ittifoqchilari ham mojaro ishtirokchilari sanalmaydi.
14 mart, Emmanuel Makron
Agar Rossiya urushda g‘alaba qozonsa Yevropaning obro‘si bir pul bo‘ladi. Gaz narxi oshishi, iqtisodiyotimizdagi vaziyat, donli mahsulotlar narxi oshishi va buning ortidan kelgan iqtisodiy larzalar — bularning barchasi Rossiya boshlagan urush tufayli.
16 mart, Emmanuel Makron
Ehtimol, ma’lum pallada, men esa buni istamayman va tashabbus ko‘rsatmayman, Rossiya qo‘shiniga qarshi turish uchun, qanday bo‘lmasin, joyida amaliyot o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Fransiyaning kuchi shundaki, biz buni qila olamiz.
19 mart, Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin
[Fransiyaning] hozirgi rahbariyati oddiy fransuzlarning o‘limi va generallarning tashvishi bilan qiziqmaydi. Rossiya tashqi razvedka xizmatiga tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirdanoq Ukrainaga jo‘natish uchun kontingent tayyorlanmoqda. Dastlabki bosqichda ikki mingga yaqin kishi bo‘ladi.
20 mart, Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba
Makron Ukrainaga qo‘shin yuborish haqida gapira boshlaganida, Yevropa yetakchilarini vahima qamrab oldi. Makron shunchaki ukrainalik askarlarni hozir bo‘layotganidek chegaralardan tashqarida emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainada tayyorlash imkoniyati borligini nazarda tutgan edi. Tamom vassalom.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov
Fransiya prezidenti janob Makron so‘nggi haftalardagi tezislarida shunday kontingent yuborilishi ehtimoli haqida ancha izchil gapirdi. Va tarjimadagi qandaydir ikki ma’noli haqida gap ketayotgani dargumon. Bu Yevropaning turli poytaxtlarida turlicha qabul qilinmoqda.
21 mart, Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal
Biz qo‘shin so‘ramadik. Bizning o‘z qurolli kuchlarimiz va mudofaa kuchlarimiz bor, qo‘shinimiz yetarlicha. <…> Biz yevropalik hamkorlarimizga bu jarayonni[o‘qitishni] tezlashtirish uchun instruktorlarini Ukraina hududiga yuborishni so‘raganmiz, chunki bu logistika va kommunikatsiyani osonlashtirgan bo‘lardi. Yevropaning biror davlati askarlarini jang maydoniga yuborishga rozi emas, chunki bu ular urushga kirishini anglatadi va barchamizga mutlaqo ravshanki, ayni vaqtda bu imkonsiz.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov
Nima bo‘lganda ham, biz oldin bir necha bor aytganimizdek, xorijiy harbiy kontingentlar Ukrainaga yuborilishi haddan tashqari salbiy, tuzatib bo‘lmas oqibatlarga ega harakat bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:10
Berbok: GFR Ukrainaga qishki yordam uchun yana 200 mln yevro o‘tkazadi
13:10 / 04.11.2024
Taybey: Tayvanlik ikkinchi ko‘ngilli Ukraina uchun janglarda halok bo‘ldi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
22:10 / 03.11.2024