16:28 / 11.04.2021
14288

Jurnalistika universiteti karantinga yopildi, talabalarda koronavirus aniqlangan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari 2021 yil 12 apreldan 14 kunlik onlayn o‘quv tartibiga o‘tkazildi. Ma'lum bo‘lishicha, talabalar orasidan Covid-19 aniqlangan.

«O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hududida karantin qoidalariga to‘liq rioya qilinishi muntazam ravishda saqlanib kelinganiga qaramasdan, ayrim talabalar orasidan yengil shakldagi koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi tavsiyasiga ko‘ra va koronavirus infeksiyasi talabalar va professor-o‘qituvchilar orasida keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbariyatini xabardor qilgan holda, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari 2021 yil 12 aprel sanasidan 14 kunlik onlayn o‘quv tartibiga o‘tkaziladi», deyiladi universitet rasmiy sahifalarida e'lon qilingan O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing talabalarga murojaatida.

Avvalroq bir nafar talabada koronavirus aniqlangani tufayli Toshkent shahridagi Inha universitetida darslar 23 martdan onlayn rejimga o‘tkazilgani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng Toshkent transport universiteti talabasida ham koronavirus aniqlanib, fakultet vaqtincha onlayn ta'limga o‘tgani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid
Top