O‘zbekiston | 14:25 / 25.03.2021
11051
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent transport universiteti talabasida COVID-19 aniqlandi, bir fakultet vaqtincha onlayn ta'limga o‘tdi

Toshkent transport universitetining Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti 3-bosqich talabasida COVID-19 kasalligi aniqlangan. Bu ma'lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Kasallik tarqalishini cheklash maqsadida Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti talabalari ikki haftalik muddatga onlayn ta'limga o‘tkazilgan. Ayni paytda Labzak dahasidagi fakultet joylashgan o‘quv binosidagi barcha xodimlar va talabalardan PZR testi olingan.

Fakultet talabalari ikki haftalik masofaviy ta'limga o‘tkazilgan.

Universitet matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bu talaba institut yotoqxonasida yashamagan. Ayni paytda bemor Zangiotadagi markazda davolanmoqda, ahvoli qoniqarli. Universitet jamoasi u bilan muntazam aloqada.

Bundan avvalroq, Toshkentning Olmazor tumani hududidagi talabalar shaharchasida joylashgan yotoqxonalardan birida talabalar orasida, Toshkent shahridagi Inha universitetida, shuningdek, Andijon davlat universitetining 6 nafar xodimida koronavirus aniqlangani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.

SSV ma'lumotiga ko‘ra, 24 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 138taga oshib, 81 ming 816taga yetgan. Bu esa yil boshidan beri kuzatilgan rekord ko‘rsatkichdir. Shuningdek, Toshkent shahrida kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi oylarda ilk marta yuzdan oshdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 1049 nafar bemor davolanmoqda, shundan 191 nafari og‘ir, 85 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Mavzuga oid