17:55 / 12.05.2021
17782

Navalniyning hayoti saqlab qolingan kasalxona bosh shifokori sirli tarzda yo‘qolib, yana sirli tarzda topildi

Rossiyaning Omsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri Aleksandr Muraxovskiy uch kunlik qidiruvlardan so‘ng topildi. Aniqrog‘i, uning o‘zi o‘rmondan chiqishga muvaffaq bo‘lgan, deb xabar bermoqda viloyat ma'muriyati axborot xizmati. Muraxovskiy o‘tgan yil avgustda zaharlanish tashxisi bilan olib borilgan siyosatchi Aleksey Navalniyning hayoti saqlab qolingan kasalxona bosh shifokori bo‘lgan. Keyinchalik u viloyat sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi.

«Ria novosti»ga ko‘ra, Muraxovskiy yo‘qolib qolgach, o‘rmonda Basli qishlog‘i hududidagi aholiga duch kelib qolgan. Topilgan vaqtda umumiy ahvoli o‘rtacha bo‘lgani uchun 49 yoshli vazir tibbiy yordam va shifoxonada davolanishni rad etgan. U ayni damda Bolsheukovskiy tumani shifoxonasida bo‘lib turgani aytilmoqda.

Muraxovskiy 7 may kuni Bolsheukovskiy tumanidagi ov bazasiga borgach, yo‘qolib qolgan. 8 may kuni uni avval tanishlari, keyin politsiya qidirishga tushadi. Topilmagach, qidiruv ishlariga Rosgvardiya, FVV, ov inspektorlari hamda «Liza Alert» otryadi ko‘ngillilari ham qo‘shiladi. 9 may kuni qidiruvchilar ov bazasidan 6,5 km uzoqda Muraxovskiyning kvadrosiklini topishadi, ammo uning o‘zi topilmaydi. 10 may kuni ertalabdan qidiruv davom ettirilgan. Aytilishicha, bosh shifokor yo‘qolgan o‘rmonda qalin buta botqoqliklar ko‘p bo‘lgani bois qidiruv ishlari og‘ir kechgan.

Muraxovskiy o‘rmondan chiqib kelgan joy Pospelovo qishlog‘idan 32 km uzoqlikda. U bilan telefonda gaplashgan turmush o‘rtog‘i «Dojd» telekanaliga intervyu berarkan «qidiruv masshtabiga tushunmaganini» aytgan.

Muraxovskiy Omsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanishidan oldin tez tibbiy yordam shifoxonasida bosh vrach bo‘lgan. Bu shifoxonaga o‘tgan yil 20 avgust kuni siyosatchi Aleksey Navalniyni samolyot bortidan kutilmaganda og‘ir ahvolda olib kelishgandi. Tomskdan Moskvaga uchayotgan samolyot Navalniyning ahvoli yomonlashgani sabab Omsk aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ladi. Siyosatchining o‘zi Yuriy Dud bilan intervyusida aynan Omskdagi shifokorlarning professionalligi sabab omon qolganini aytadi.

Shifoxonada hushsiz bo‘lgan Navalniyga bosh vrach Aleksandr Muraxovskiy tashxis qo‘yib, qonda shakar miqdorining keskin kamaygani, shuningdek, bemorning ahvoli metabolik kasallik bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytadi. Muraxovskiy o‘shanda Navalniyni yaqinlari xohlaganidek Berlinga ko‘chirish shart emas deb hisoblagandi. Bu vaqtda Berlindagi «Sharite» shifoxonasi Navalniyni qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Siyosatchining xotini uni Berlinga olib ketishga ruxsat ololmayotgani sabab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, ruxsat oladi. Navalniy aynan «Sharite» klinikasida 7 sentyabr kuni komadan chiqadi.

Berlinda Navalniy ishlab chiqarish rasman to‘xtatilgan «Novichok» moddasi bilan zaharlangani aytildi. Omsk shifoxonasi esa Navalniyning tahlillari boshqacha natijani ko‘rsatayotganini aytib, «Novichok» bilan zaharlanish tashxisini rad etadi. Shundan keyin Navalniyning tarafdorlari Muraxovskiyni yolg‘onchilikda ayblab chiqishdi.

Navalniyga birinchi yordam ko‘rsatishda qatnashgan boshqa shifokorlar taqdiri nima bo‘lgandi?

Aleksey Navalniy zaharlanish tashxisi bilan olib borilgach, Omskdagi shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining aksar mas'ul xodimlari o‘zgargan. Ulardan biri, Navalniyga qaragan shifokor Anatoliy Kalinichenko 2020 yil oktyabrida iste'foga chiqdi. Bosh vrachning anesteziologiya va jonlantirish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sergey Maksimishin joriy yil fevralda 55 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Ortopediya va travmatologiya bo‘limi boshlig‘i Rustam Agishev ham 2021 yil mart oyida 63 yoshida insultdan o‘ldi. Bosh vrach Muraxovskiy o‘tgan yil noyabr oyida Omsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan.

Rossiyada korrupsiyaga qarshi kurashish fondini tashkil etgan siyosatchi Aleksey Navalniy mamlakat prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Uzoq yillardan buyon Putin hukumatida korrupsiya urchiganini isbotlashga urinayotgan o‘nlab jurnalistik surishtiruv e'lon qilgan. Uning Gelenjikda Putinning milliard dollarlik saroyi borligi haqidagi surishtiruvi ayniqsa shov-shuvli bo‘ldi. 2021 yil 19 yanvar kuni e'lon qilingan «Putin uchun saroy. Eng katta pora tarixi» sarlavhali video hozirgacha 116 million marta tomosha qilingan.

Bu video YouTube'ga joylanishidan bir kun avval Rossiyaga qaytgan Aleksey Navalniy aeroportning o‘zida qo‘lga olingandi. Keyinchalik unga berilgan shartli qamoq jazosi «Iv Roshe» ishi doirasida chinakam qamoq jazosiga almashtirildi va siyosatchi koloniyaga o‘tkazildi. Shifokor qabuliga kira olmayotgani sabab Navalniy qamoqxonada ochlik e'lon qilgandi.

Top