O‘zbekiston | 14:13 / 05.02.2024
23904
4 daqiqa o‘qiladi

“Pul ishlash uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti” – Prezident tibbiyot sohasini tanqid qildi

Davlat rahbari oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligi ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tibbiyot sohasida kadrlar yetishmasligining sababi aslida tizim shaffof bo‘lmagani oqibatida ko‘plab mutaxassislar ishga kira olmayotgani ekani qayd etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga sohadagi barcha vakansiyalarni onlayn platformaga joylashtirib, kadrlarni ishga olish bo‘yicha shaffof tizim yaratish topshirildi.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlari bitiruvchi kurs talabalari uchun ko‘p tarmoqli shifoxonalarda ish haqi to‘lanadigan internatura yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda kasalliklarni erta aniqlash, jumladan, kardiologiya, endokrinologiya va onkologiya skrininglarini tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili onkologiya kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bermorlarning qariyb yarmida kasallik kech aniqlangan.

Joylarda dispanser nazoratida turgan, surunkali kasalligi bor aholini sog‘lomlashtirish ishlari yetarli emas.

Umuman, viloyat va tuman tibbiyot idoralari profilaktika o‘rniga “odamlar qachon kasal bo‘lsa, shunda davolaymiz” deb, haliyam eskicha fikrlab yurgani tanqid qilindi.

Endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan o‘tkazish tizimi o‘zgartiriladi. Xususan, skrining uchun bevosita respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari javob beradi. Ular bir haftada joylarda skrining tekshiruvlarini o‘tkazishni boshlaydi.

Shuningdek, onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu tajriba 1 maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yiladi

Ta’kidlanishicha, mamlakatda farmatsevtika bozori hajmi 2 mlrd dollarga yetgan. Lekin, bu bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi. Oddiy qilib aytganda, o‘zimizda ishlab chiqarish bint, spirt, shprits, analgin va tsitramondan nariga o‘tmayapti.

Yig‘ilishda dorilarni yashirin aylanmasi bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayotgani, dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi aytib o‘tildi.

“Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yo‘q. Protokollarga amal qilmasdan, “pul ishlash” uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti. Bundan xalqimizni sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rayapti”, deya ta’kidlagan prezident.

Bundan tashqari, yig‘ilishda kasalga aniq tashxis qo‘yish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emasligi, ayrim protokollar esa eskirgani ko‘rsatib o‘tildi. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtiriladi.

Oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qo‘lda sotuvchilarni, umuman barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, jazo muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, mutasaddilarga “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlarini ishga tushirish, kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Mavzuga oid