16:00 / 04.09.2021
10974

Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?! 

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Shu kunlarda Toshkent shahriga minglab talabalar kelmoqda, ularning aksariyati joy qidirib, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yuribdi. Navbatdagi o‘quv yili boshlanyapti hamki, dardi bedavo masala achchiq ichakdek cho‘ziladigan ko‘rinadi.

Talabalarning katta qismi poytaxtga yaqin bo‘lmagan viloyatlardan kelib o‘qishadi. O‘qish boshlanishiga juda oz qoldi, lekin ijtimoiy tarmoqlarda yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarning noroziliklariga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Ayni masalaga mas'ul mutasaddilar holatni anglashlari, muammoni keng fikr asosida tahlil qilib yechishlari lozim edi.

Achchiq bo‘lsa ham, ochiq aytaylik, O‘zbekistondagi bironta oliy ta'lim muassasasining o‘z talabalarini to‘liq sig‘dira oladigan turar joyi yo‘q. Shu sababli talabalar turli ijara uylarda yashashga majbur. Bu holat, ayniqsa, poytaxtda juda achinarli ahvolda: ijara puli qimmat – bir xonali kvartira 300-400 dollar atrofida. Talabaga past toifali odamdek muomala qilishadi – “studentlarga kvartira yo‘q”. Bu bir necha vazirlik yo idora tomonidan emas, hukumat darajasida yechilishi lozim bo‘lgan muammodir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, respublikada 220 dan ortiq talabalar turar joyi mavjud, ular 58 ming nafar talabani sig‘dira oladi, vaholanki, har yili 149 ming nafardan ortiq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji mavjud. So‘nggi yillarda oliy ta'lim muassasalari soni 130 dan oshdi. Qabul kvotasi 2,6 barobarga, talabalar soni esa 2,3 barobarga ko‘paydi. Lekin yotoqxonalar o‘rin soni atigi 25 foizga oshirilgan.

Oxirgi yillarda o‘nlab xususiy va xorijiy oliy ta'lim muassasalari faoliyat boshladi, ammo ularga yotoqxona infratuzilmasi bo‘yicha talab qo‘yilmadi. Talabalarning qayerda yashashi, qanday kun ko‘rishini kim o‘ylashi kerak?

Katta mablag‘ni to‘lash uchun bechora student kafe, restoran va klublarda ofitsiant, bozorda sotuvchi va yana boshqa joylarda ishlashga majbur. Bu o‘qish sifatiga, yoshlarning kayfiyatiga juda salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat OTM talabalarining oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Ma'lumotga ko‘ra, 2021 yil may-iyun oylari uchun 3 ming nafardan ko‘proq talabaga 920,8 mln. so‘m mablag‘lar davlat budjeti tomonidan to‘lab berilibdi. Ammo bu ham muammo yechimi emas. Chunki ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlari uchun qo‘llaniladi.

Biz mamlakatimizni rivojlangan mamlakatlar safiga kiritishni niyat qilar ekanmiz, unutmasligimiz kerakki, shu marraga olib chiqadigan yagona kuch kadrlardir. Biz yoshlarga, talabalarga uzoq kelajakda emas, bugun va hozir sharoit yaratish, ularning og‘irini yengil qilish haqida o‘ylashimiz, tezkor va aniq choralar belgilashimiz zarur.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari

Top