19:22 / 12.09.2021
7575

Parij meri Fransiya prezidenti saylovlarida ishtirok etishga qaror qildi

Parij meri Ann Idalgo Fransiya prezidenti lavozimi uchun 2022 yilda o‘tadigan saylovlarda ishtirok etmoqchiligini ma'lum qildi.

“Men Fransiya Respublikasi prezidenti lavozimi uchun nomzodimni qo‘ymoqchiman”, deb aytgan Parij meri.

62 yoshli Idalgo Parij meri lavozimini egallagan ilk ayol kishi hisoblanadi va 2014 yildan beri ushbu lavozimda faoliyat yuritadi. U 2020 yil martda The Guardian nashriga bergan intervyusida Parij meri lavozimida orttirgan tajribasini “7-9 ballik kuchli shamolda katamaranda suzish kabi” ta'riflagan. Jumladan, Idalgo Parijga shahar bir qator teraktlar, “sariq nimchalar” aksiyalarini boshdan kechirganda, shaharning bosh ramzlaridan biri hisoblangan Muqaddas ona ibodatxonasida yong‘in yuz bergan vaqtda rahbarlik qilgan.

Fransiya prezidenti saylovlarini 2022 yil 10 aprelda o‘tkazish rejalashtirilgan. Agar 2-bosqich zarur bo‘lsa, u 24 aprelda o‘tkaziladi.

Sentabr boshida Harris-Interactive kompaniyasi amaldagi prezident Emmanuel Makron bo‘lg‘usi saylovlarda “Milliy front” partiyasi yetakchisi Marin Le Pen ustidan kichik ustunlik bilan g‘alaba qozonishini ko‘rsatuvchi so‘rovnomani e'lon qildi. Unga ko‘ra, Makron saylovlarning 1-bosqichida 26 foiz, Marin Le Pen esa 24 foiz ovoz yig‘ishi mumkin. Shuningdek, agar Makron va Le Pen saylovlarning 2-bosqichiga chiqsa, amaldagi rahbarga 55 foiz, uning raqibiga esa 45 foiz saylovchilar ovoz berishga tayyor.

Top