10:05 / 16.09.2021
35569

Xiaomi yangi smartfonlarini namoyish qildi 

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 15 sentyabrda o‘zining bir nechta yangi gadjeti onlayn-taqdimotini o‘tkazdi. Gap Xiaomi 11T Pro, Xiaomi 11T, Xiaomi 11 Lite 5G NE smartfonlari, Mi Pad 5 planshetining xalqaro versiyasi hamda Mi Band 6 bilaguzugi haqida bormoqda. 

Quyida kompaniyaning yangi qurilmalari haqidagi qisqacha ma'lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Xiaomi 11T Pro

Yangi smartfon alyumin va Gorilla Glass Victus himoya oynasidan ishlangan. U 8/12 GB tezkor va 128 GB/256 GB doimiy xotira va Snapdragon 888 protsessori bilan jihozlangan.

Gadjet 120 Vtli o‘ta tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu tariqa smartfonning 5000 mA-soatli batareyasini bor-yo‘g‘i 17 daqiqada to‘liq quvvatlash mumkin. Qurilma HDR10+, Dolby Vision, TrueColor, Sunlight Mode 3.0 va Reading Mode 3 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlovchi 6,67-dyuymli AMOLED FHD+ ekran, yon tomonda o‘rnatilgan biometrik sensor, Dolby Atmos’ni qo‘llab-quvvatlovchi stereodinamiklar olgan.

Smartfonning kameralar blokidagi asosiy kamera 108 Mpga va tasvirni optik barqarorlashtirgichga, ikkinchi kamera 8 Mpga va uchinchi kamera 5 Mpga ega. Old kamera 16 Mpli.

Xiaomi 11T Pro smartfoni MIUI 12.5 va Android 11 operatsion tizimlarida ishlaydi. Uni 8/128 GB, 8/256 GB va 12/256 GBli modifikatsiyalarda mos ravishda 649, 699 v 749 yevrodan sotib olish mumkin bo‘ladi.

Xiaomi 11T 

Bu texnik jihatdan oddiyroq qurilma bo‘lib, biroq u ham metall va himoya oynasidan ishlangan. Unda Dimensity 1200-Ultra va Snapdragon 888 protsessorlari o‘rnatilgan. Qurilma 8 Gb tezkor va 128 yoki 256 Gb doimiy xotira bilan ta'minlangan. U 67 Vtli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi va buning hisobiga uni 36 daqiqada to‘liq quvvatlash mumkin.

Smartfon 128 Gb va 256 Gb versiyalarda mos ravishda 499 va 549 yevrodan taklif qilinmoqchi.

Xiaomi 11 Lite 5G NE

Ushbu smartfon Mi 11 Lite 5G’ning yangi versiyasi bo‘lib, farqi unda Snapdragon 780G o‘rniga Snapdragon 778G protsessori o‘rnatilganidadir. Smartfon 2400×1080 piksel ko‘rsatish qobiliyatiga ega 6,55-dyuymli AMOLED DotDisplay bilan jihozlangan.

Qurilmaning asosiy kamera bloki uchta kamera bilan ta'minlangan: 64 MPli asosiy, 8 MPli keng burchakli va 5 MPli telemakro. Frontal kamera 20 Mpli, batareya sig‘imi 4250 mA-soat.

Smartfonni 6/128 GB va 8/128 GB versiyalarda mos ravishda 369 va 399 yevrodan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Xiaomi dunyoda smartfonlar sotish bo‘yicha yetakchiga aylangani ma'lum qilingandi. Kompaniyaning iyun oyidagi savdo hajmi 26 foizga oshgan va bu unga smartfonlar bozorida Apple va Samsung’ni ortda qoldirishga imkon bergan.

14 sentyabrda ham Apple kompaniyasi yangi iPhone 13 smartfonlari qatori taqdimotini o‘tkazdi.

Top