15:30 / 05.10.2021
8215

Enter Engineering: Samarqand shahridagi 46- va 9-sonli maktablar rekonstruksiyasi bo‘yicha loyihalar yakunlandi

Ustoz va murabbiylar kuni arafasida Samarqanddagi 46- va 9-sonli umumta'lim maktablarining rekonstruksiya va jihozlash ishlaridan so‘ng yangi, zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinish kasb etgan holda tantanali ochilishi shahar aholisi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari X.A.Ochilov, viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari K.Yu.Saidov, Enter Engineering Direktorlar kengashi raisining vakili O‘.X.Latipov ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilarining ko‘pchiligi ta'kidlaganidek, ushbu tashabbus, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev, mahalliy hokimiyat organlari va Enter Engineering kompaniyasi sa'y-harakatlari tufayli muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Loyihaga ko‘ra, 46-maktabdagi rekonstruksiya ishlari 2020 yil oxirida boshlangan bo‘lib, bu yerda quyidagi ishlar bajarildi:

  • maktabning tashqi fasad qismi butkul yangilandi, oshxona, Faollar zali va sport zali qurildi;
  • isitish tizimi yangilandi, kanalizatsiya tizimi o‘rnatildi;
  • yangi mebel jihozlari keltirildi va oraliq eshiklar yangilandi;
  • internet tarmog‘i o‘tkazilib, video kuzatuv tizimi o‘rnatildi;
  • sinf xonalari interaktiv sensorli doskalar va planshetlar bilan jihozlandi;
  • yangi transformator o‘rnatildi;
  • maktab hududi obodonlashtirildi, yo‘lkalarga maxsus plitalar va asfalt yotqizildi, mevali daraxtlar, manzarali o‘simliklar va gullar ekildi;
  • kutubxona ta'mirlanib, kitoblar zaxirasi boyitildi, darsliklar va badiiy adabiyotlar, sport anjomlari keltirildi.

Rekonstruksiya ishlari natijasida shinam va jihozlangan sinflar soni deyarli ikki barobar ortgani sababli o‘quv jarayonini bir smenada tashkil etish imkoniyati tug‘ildi. Ayni paytda ushbu ta'lim maskanida 1170 nafar o‘quvchilar bilim olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi 4851-son «Axborot texnologiyalari sohasida ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosi doirasida 2021 yil yanvar oyida Samarqand shahridagi 9-umumta'lim o‘rta maktabi Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan tayanch maktabi maqomiga ega bo‘ldi. Enter Engineering kompaniyasi yordamida qisqa vaqt ichida ushbu ta'lim muassasasida ta'lim sharoitini yaxshilash loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Loyiha doirasida quyidagi keng qamrovli ishlar bajarildi:

  • 11 ta sinf joylashgan va yaroqsiz holga kelgan o‘quv korpusi binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi;
  • kutubxona, foye va oshxona qurildi;
  • barcha sinflar o‘quv jihozlari va materiallari bilan to‘liq ta'minlandi;
  • sport zali va kiyim almashtirish xonalari qurildi va jihozlandi;
  • 9 ta alohida isitish qozonlari o‘rnatildi.

Ayni paytda 9-Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan ushbu maktabda 1435 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda.

Enter Engineering kompaniyasi, har doimgidek saxovatpeshalik an'analariga sodiq qolgan holda, ta'lim sohasida yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. O‘quv muassasalarida yaratilgan ushbu qulay sharoitlar O‘zbekiston yoshlarining komillikka erishishi, shaxs sifatida shakllanishida tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

Enter Engineering kompaniyasi Matbuot xizmatiⓉ

Top