Muborak Qurbon hayiti arafasida ERIELL Group,Enter Engineering kompaniyalari va Humo Arena ma’muriyati “APLA” jamoat birlashmasi tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbiri o‘tkazdi. Kompaniyalar 386 nafar imkoniyati cheklangan bolalar va ularning oila a’zolarini bayram bilan tabrikladi.

Qurbon hayiti O‘zbekistonda eng qadimiy va ardoqli bayramlardan biri bo‘lib, uning asosiy maqsadi ma’naviy-axloqiy poklanishdir. Bayramlarni oila va do‘stlar bilan o‘tkazish, birga ovqat pishirish, sovg‘alar berish va muhtojlarga yordam ko‘rsatish odat tusiga kirgan. Ayniqsa, muhtojlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish faqatgina muqaddas bayramning bir qismi emas, balki o‘zbek xalqining azaliy qadriyatidir.

ERIELL Group va Enter Engineering ko‘p yillar davomida xayriya faoliyatini amalga oshirib keladi va mamlakat bo‘ylab imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi.
Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan aksiya 6 iyul kuni Humo Arena muz majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida mehmonlarga qiziqarli sayohat uyushtirilib, imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar namoyish etildi.

Ekskursiya davomida ishtirokchilar o‘zlarini haqiqiy xokkeychilardek his qildilar, arena muziga chiqib, darvozaga shayba kiritdilar va figurali uchish ustalari tomonidan bayram munosabati bilan maxsus tayyorlangan ajoyib chiqishdan bahramand bo‘ldilar.

Bolalarning yurtimizdagi eng yaxshi muz saroyi bilan tanishish vaqtidagi hissiyotlari, bildirgan tilaklari, minnatdorchiliklari Qurbon hayitiga eng yaxshi sovg‘a bo‘ldi.


















