MTO texnologiyasi bazasida ishlovchi Gaz-kimyo majmuasi loyihasi 2,5 mingta ishchi o‘rini yaratilishini va 2 mlrd dollar miqdoridagi soliq tushumlarini nazarda tutadi. Shuningdek GKK uchun erkin iqtisodiy zonani tashkil etish g‘oyasi ham ilgari surilmoqda.

Foto: Enter Engineering

15 noyabr, 2021 y. – Humo Arena maydonida bo‘lib o‘tgan  «MTO gaz-kimyo kompleksi: Yangi O‘zbekiston texnologiyalari» forumida biznes sohasi va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov va SEG Bosh direktori o‘rinbosari, MTO Gaz-kimyo kompleksi loyihasi direktori Masrur Shakirov davlat idoralari, neft-gaz tarmog‘i xodimlari, yetkazib beruvchilar hamda bo‘lajak hamkorlardan iborat bo‘lgan forum ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar. 

Foto: Enter Engineering

O‘zbekistonning Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida bunyod etilajak MTO texnologiyasi asosida ishlovchi Gaz-kimyo kompleksi («metanolni olefinga aylantirish») qurilishi va ekspluatatsiya qilinishi xususida forum ishtirokchilariga batafsil ma'lumot berildi. Yig‘ilganlar oldida, shuningdek, majmuaning bosh loyihalovchisi – Wood (Italiya) kompaniyasi vakili ham nutq so‘zladi.

Qiymati 2,8 milliard dollarga teng ushbu loyiha 2023 yilning to‘rtinchi choragida ekspluatatsiyaga topshiriladi va u O‘zbekiston sanoatini olefin uglevodorodlari bilan ta'minlash imkonini beradi. Ma'lumki, olefin uglevodorodlari mamlakat uchun strategik muhim xomashyo hisoblanadi. Gaz-kimyo majmuasi mahalliy xomashyoni metanolni olefinlarga aylantirishning litsenziyalangan hamda MHD hududida muqobili mavjud bo‘lmagan texnologik jarayoni asosida qayta ishlash uchun mos ravishda loyihalashtirilgan. Majmua ishga tushirilgach, O‘zbekistonda import o‘rnini mahalliy xomashyo bilan bosish jarayoni jadallashadi, iqtisodiyot diversifikatsiyasi ta'minlanadi, shuningdek u iqtisodiyotning turli mahalliy tarmoqlari taraqqiyotiga xizmat qiladi.