16:10 / 27.10.2021
3384

Xalq ta'limi tizimida 9 oyda 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchilik aniqlangan

Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarda 9 oy davomida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov ma'lum qildi.

Temur Komilov moliyaviy kamchiliklar 2020 yilning shu davriga taqqoslanganda 2 baravarga kamayganini ta'kidlagan. 2020 yilda 143 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan edi.

“Aniqlangan moliyaviy kamchiliklarning asosiy qismi, ya'ni 62 foizi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq. 76,5 mlrd so‘mdan 47 mlrd so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. 76,5 mlrddan 16 mlrd so‘mi — o‘g‘rilik va kamomad bilan bog‘liq xatolarda aniqlangan.

38053 ta holatda ish haqi bilan bog‘liq 31 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar amalga oshirilgan. Ya'ni ish haqidan to‘lanadigan soliqlar bilan bog‘liq to‘lovlarda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bunda eng katta kamchiliklar Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi. 4,5 mlrd so‘m noqonuniy tarzda ish haqi hisobidan soliqlarni to‘lashga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, 25 mlrd so‘m mablag‘ lavozim maoshi bo‘yicha belgilangan to‘lovlarni noto‘g‘ri hisoblash, ya'ni mehnat ta'tillarini, toifalarni noto‘g‘ri hisoblash orqali noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilgan. Davlat xaridlari qoidalariga rioya etmaslik oqibatida 14 mlrd so‘mlik moliyaviy xato aniqlangan”, dedi vazir o‘rinbosari.

Tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 158 ta 61,4 mlrd so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, vazirlik ichki audit xizmatining 9 oylik faoliyati davomida jami 194,7 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga va bartaraf etilishiga erishildi.

Barcha vazirlik va idoralar ichki audit xizmati natijalarini har chorakda bir marta e'lon qilish yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, Oliy ta'lim vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan tizimda 9 oyda 13,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolikka yo‘l qo‘yilgani ma'lum qilingan edi.

Top