19:16 / 26.11.2021
2746

Avstriya O‘zbekistonga 150 ming doza AstraZeneca vaksinasini jo‘natdi

Avstriyadan O‘zbekistonga COVID-19ga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash doirasida 150 ming doza AstraZeneca vaksinasi jo‘natildi.

Foto: «Dunyo» agentligi

O‘zbekistonning Venadagi YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy missiyasi ma'lumotiga ko‘ra, vaksinalar Avstriya hukumati tomonidan beg‘araz yordam va mustahkam do‘stlik ramzi sifatida taqdim etilgan.

«Dunyo» agentligi xabar berishicha, O‘zbekistonning Venadagi elchisi Abat Fayzullayev Avstriya Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan birgalikda Toshkentga insonparvarlik yuklarini jo‘natish marosimida ishtirok etgan.

Vaksinalarni manzilga bezarar yetkazib berish uchun tomonlar tibbiy mahsulotlarni tashishning barcha jihatlarini ta'minlashni nazarda tutgan. Xususan, vaksinalar maxsus sovitkichli konteynerga joylashtirilgan. Unda sovitish jarayoni va 2-7 darajali harorat ta'minlanadi. Yukni Toshkentga yetkazish Vie Pharma Handling Center maxsus transport xizmati tomonidan amalga oshirilmoqda.

Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga Avstriya Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linhartning 7–8 noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan edi. Tashrif doirasida Avstriya tashqi siyosat mahkamasi rahbari O‘zbekiston Tashqi ishlar va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari rahbarlari bilan uchrashgan.

Mixael Linhart O‘zbekiston Avstriyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim hamkori ekanini ta'kidlagandi. Shuningdek, Avstriya fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishda ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan. «Bu do‘stlikning kuchli belgisi edi», — deya qayd etgan edi avstriyalik diplomat.

Top