18:26 / 12.01.2022
8921

O‘zbekiston tashqi qarzining YaIMga nisbati 2023–2024 yillardan boshlab kamayishi aytildi

O‘zbekiston tashqi qarzining YaIMga nisbati bir necha yil oldin jalb qilingan qarzlarning o‘zlashtirilishi natijasida yana birmuncha vaqt o‘sib boradi, 2023-2024 yillardan boshlab esa kamayishi kutilmoqda, dedi Moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonning kelgusi 5 yillikdagi taraqqiyot strategiyasida tashqi qarzni YaIMga nisbatan 60 foizdan oshirmaslik maqsadi belgilanmoqda. Moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori Jasur Qarshiboyev bu maqsad qanchalik realligiga oid savolga javob berdi.

“Tashqi qarz mana shu 60 foizdan o‘sib ketmasligining mexanizmlari bor.

Birinchi mexanizmi – qonun. 2021 yildan boshlab davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda (2022 yilda ham shunday ko‘rsatkich bor) davlat qarzining qoldig‘i YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Ya’ni bu qonun bizga uni ijro qilish majburiyatini yuklaydi.

Shundan kelib chiqib hisob-kitob qilamiz. To‘g‘risini aytish kerak, xalqimizda hukumatning (tashqi qarzni) 60 foizgacha oshirish niyati bor degan xavotir yo‘q emas. Biroq biz 50 foizgacha ham yetkazmaslik niyatidamiz.

Har yilgi oldindan limitlarni belgilab borish natijasida bizda davlat qarzining hajmi hozirgi kunga kelib barqarorlashdi. Misol uchun, 2021 yilning boshida YaIMga nisbatan davlat qarzining hajmi 38,8 foizni tashkil etgandi, yil davomida esa bu ko‘rsatkich sal pasaydi, ya’ni davlat qarzining o‘sish tempi barqarorlashdi.

Biroq, oldin jalb qilingan qarzlarning o‘zlashtirilishi natijasida yana bir necha yil davomida o‘sish tendensiyasi kuzatiladi, 2023–2024 yildan boshlab qarz hajmi kamayishi, ya’ni YaIMga nisbatan barqarorlashishi va pastga qarab tushish tendensiyasi kutilmoqda.

Nima uchun limit 60 foiz etib belgilangan? Ayrim qo‘shni davlatlarda ham qarz ko‘rsatkichlari limitlari boshida pastroq qo‘yilgan. Lekin 2020 yilda ko‘rdik, kutilmagan shoklar bo‘ladi, bunday sharoitda YaIM o‘smay qoladi. Shunday holat bo‘lsa, biz qonunni qaytadan ko‘rishga majbur bo‘lishimiz mumkin. Shuning oldini olish uchun nisbatan maqsadli ko‘rsatkichimiz 60 foiz deb qo‘yilmoqda”, – dedi Moliya vazirligi rasmiysi 12 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2021 yil 1 oktabr holatiga 37,6 mlrd dollarni tashkil qilgandi. Bu – 2021 yil 1 yanvariga nisbatan 11 foizga yoki 3,7 mlrd dollarga ko‘p.

2022 yilgi davlat budjetiga asosan, 2022 yilda davlat tashqi qarzlarini jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln so‘m miqdorida belgilangan.

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2022 yil oxirigacha 30,4 mlrd dollarga yetishi prognoz qilingan.

Top