19:40 / 13.01.2022
31243

Samvel Babayan: «Aybim – muxlislarga o‘z vaqtida tushuntirish bermaganim!» 

- Klub miqyosida O‘zbekistonda barcha sovrinlarni yutgan, klubdagi turli lavozimlarda ishlab, MDH va Osiyoda eng barqaror va raqobatbardosh jamoalardan birini shakllantirgan;

- O‘zbekiston milliy jamoasi bilan jahon chempionati sari yurishini kutilganidan ham a’lo boshlab, rekord qayd etgan, muxlislarda ishonch uyg‘otgan, keyin esa ketma-ket qoniqarsiz natijalar qayd etib, qisqa vaqt ichida aynan o‘sha muxlislar nafratiga sabab bo‘lgan;

- O‘FAning o‘sha paytdagi rahbariyati tomonidan futboldan bir umr chetlatilgan va Yurmalada qo‘nim topgan;

- O‘zbekiston murabbiylari orasida Xitoy Superligasida bosh murabbiy sifatida ishlagan ilk legioner murabbiy;

- Toshkentning «Lokomotiv» jamoasida ishlagan va endilikda «Navbahor» bosh murabbiyi;

Bu tarjimai hol egasi, anglaganingizdek, Samvel Babayan. Ko‘p yillar davomida sukutni afzal ko‘rgan mutaxassis nihoyat barcha savollarga oydinlik kiritishga qaror qildi. Namanganda yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan murabbiy Tribuna.uz va Kun.uz muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuda u milliy jamoaga daxldor ko‘plab og‘riqli savollarga javob berdi, faoliyati va ayni kunlardagi ishlari haqida ham gapirdi.

«Navbahor» avtoritetga aylansagina, mahalliy yoshlar shu yerda qolishga intiladi»

- Har bir odamning o‘z orzulari bor. Men o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga e’tibor bilan qarayman. Futboldagi ilk qadamlarimni Namanganda qo‘yganman. 1995 va 1998 yillarda O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritganmiz, 1996 yilda esa chempion bo‘lganmiz. Bu tarix, an’analar, bu g‘alabalarda men jamoa bilan birga edim. 2019 yilda «Lokomotiv» bosh murabbiyligidagi so‘nggi o‘yinlarimning biridan keyin men qachondir albatta Namanganda ishlashimni aytib o‘tgandim. O‘sha paytda aniq taklif va reja yo‘q edi, shunchaki o‘z istagimni aytgandim. Mana, men bugun shu yerdaman. Klub va viloyat hokimining ambitsiyalari bor va buni amalga oshirish uchun shu yerdaman. Ilk muzokaralarimiz bir yil avval bo‘lgandi. Biroq o‘shanda xorijdan takliflar borligi uchun aniq bir to‘xtamga kela olmagandik. Pandemiya tufayli xorijda ishlash imkoniyati yo‘qqa chiqdi. Ochig‘ini aytganda, hozir ham Xitoydan takliflar bor, aniqroq aytadigan bo‘lsam, Superliga klubidan. Bu masalaga karantin cheklovlari olib tashlangach yana qaytamiz, bu borada agent bilan kelishuvimiz bor. Hozir men «Navbahor» bilan kelishganman. Yarim yil bu yerda murabbiy yordamchisi bo‘lib ishladim, vaziyatni kuzatdim, o‘rgandim va mana, vaqti keldi, bosh murabbiyman.

«Viloyat hokimi «Navbahor» uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgan»

- Tabiiyki, salkam bir yil davomida klub bilan birga bo‘lganim menga jamoadagi holat, muammolar, infrastruktura, tarkib va boshqa masalalar bilan tanishib olishimga imkon berdi. Joriy yil uchun menda aniq rejalar va baza bor. Shartnomam 1 yilga mo‘ljallangan va mana shu vaqt orasida men jamoani O‘zbekiston futboli elitasiga, liderlari qatoriga qaytarmoqchiman. Ayni paytda viloyat hokimi ambitsiyalari jamoadagi holat bilan mos keladi. Shartnomam shartlarini ochiqlay olmayman, ammo bemalol aytishim mumkinki, viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov «Navbahor» uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgan.

«Yillik budjet 40-50 mlrd atrofida»

- Jamoa budjeti taxminan 40-50 milliard so‘m atrofida bo‘ladi. Bizga shishirilgan budjet kerak emas. Optimal budjetdan oqilona foydalanishga harakat qilamiz. Biz tarkibga legionerlar va tajribali futbolchilarni jalb qilish bilan birga mahalliy yosh futbolchilarga ham e’tibor qaratmoqchimiz. Namanganda ulg‘aygan va shu yerda futbolchi sifatida shakllangan yoshlar boshqa jamoalarga ketib qolmasligi, «Navbahor» ular uchun avtoritet bo‘lishi, ular shu jamoada o‘ynashni istashiga erishish asosiy vazifalarimizdan biri. Men internat bilan tanishdim. Rostini aytganda, bu yerdagi sharoitlarni Toshkentdagi internatda ham ko‘rmadim. Biz tajribali, nomdor futbolchilar yoniga yosh va iqtidorli yigitlarni qo‘shib, mutanosiblikni ta’minlamoqchimiz.

Foto: Tribuna.uz

Legionerlar, shartnomalar, ishonch, munosabatlar

- Ha, futbolimizda pul yuvish uchun legionerlar taklif qiladigan klublar bor. O‘sha klublar bu bilan o‘zlarini qarz botqog‘iga botiradilar. Biz bunday ish qilmaymiz. Bu hammasi klub rahbari va menejmentning darajasiga bog‘liq. Mana, deylik, murabbiylar va hakamlar uchun mezonlar bor: turli testlar topshirishadi, ma’lum qonun-qoidalarga bo‘ysunishadi. Ammo klublar rahbarlari va menejyerlari uchun lozim mezonlar yo‘q. Uquvsiz rahbarlar va xodimlar jamoani qiyin ahvolga solib qo‘yadigan, qarzga botiradigan shartnomalar imzolashadi. Ertami, kechmi, bu muammo ham barham topadi. Bilishimcha, klublar legionerlar bilan tuzajak shartnomalarini O‘FA yuridik xizmati tekshirishi haqida Assotsiatsiya rahbariyatiga topshiriq berilgan. «Navbahor»da xuddi shunday amaliyot bo‘ldi va bundan keyin ham O‘FAdagilar bu borada biz bilan hamkorlik qilishini bilib oldik.

O‘zbekiston futbolidagi ilk professional shartnoma 2002 yilda «Paxtakor»da paydo bo‘lgan. Yashiradigan joyim yo‘q – men yaxshi aloqalarim tufayli Moskvaning «Spartak» klubi shartnomasidan nusxa olganman. O‘shangacha qisqagina shartlar bilan to‘ldirilgan oddiy bir varaq qog‘oz shartnoma hisoblanardi. U shartnomada barcha huquq va majburiyatlar ko‘rsatilmagan edi.

«Oyiga 20 ming dollargacha maosh olgan futbolchilar bor edi»

- Shartnomalar bilan futbolchilarni manipulyatsiya qilganmanmi? Yo‘q! «Paxtakor»ning barcha futbolchilari bilan o‘zaro ishonch birinchi o‘rinda edi. Futbolchilar shunchalik ishonar edilarki, shartnomaga hatto qarab ham qo‘yishmasdi. Albatta, bu ishonchni biz oqlaganmiz, aks holda bundayin munosabatning imkoni yo‘q. Yana bir narsa: yosh tarbiyalanuvchilar bilan uzoq muddatli shartnoma tuzish amaliyotini ham ilk bor «Paxtakor» qo‘llagan edi. FIFAning ruxsati bilan uzog‘i 5 yillik shartnoma imzolash mumkin, biz ana shuncha muddatga shartnoma tuzardik. Futbolchini klub tarbiyalaydi, katta futbolga yo‘llaydi, ko‘p yillar davomida futbolchiga hamma narsa beradi, bunga javoban futbolchi ham klubga qarzini qaytarishi lozim. Yillar davomida bir futbolchiga mehr berib tarbiyalang-u, u ulg‘aygach boshqa jamoaga ketvorsa adolatdan emas-da. Bundan tashqari, biz o‘sib boradigan maoshlarni nazarda tutadigan shartnomalar tuzar edik. Bu futbolchiga qo‘shimcha rag‘bat berar edi. Masalan, biror futbolchi asosiy tarkibning doimiy a’zosiga aylansa, Milliy jamoaga chaqiruv olsa, biz avtomatik ravishda uning maoshini ko‘tarardik, axir katta futbolchining oddiy tineydjyer oladigan maosh bilan o‘tirishi to‘g‘ri emas-da!

Hech qachon futbolchilarning maoshlarini o‘ynagan daqiqalariga bog‘lab qo‘ymaganman. Zamonaviy futbolda mana shunday shartnomalar bor va bu oddiy hol. Ha, jamoada maoshlarni o‘z vaqtida to‘lash borasida muammolar bo‘lgan, kimda bo‘lmagan deysiz. Ammo ayrim jamoalarda bo‘lgani kabi «Paxtakor» futbolchilari hech qachon klub ichidagi muammolarni tashqariga olib chiqib, kimlardandir yordam so‘rab yurmaganlar, chunki qarzdorlikni biz hech qachon keyingi yilga o‘tkazib yubormaganmiz. Mavsum yakuniga qadar nafaqat barcha futbolchilar yoki murabbiylar, balki barcha xodimlar bilan oldi-berdi masalasida muammolarni bartaraf etganmiz.

Eng katta maosh olgan futbolchilar legionerlar va ayrim mahalliy yulduzlar edi. Tafsilotlarni aytgim yo‘q, umumiy aytadigan bo‘lsam, oyiga 20 ming dollargacha maosh olgan futbolchilar bor edi.

Foto: Tribuna.uz

«Milliy jamoadan futbolchi sotish uchun foydalanmaganman!»

- Men milliy jamoaga bosh murabbiy bo‘lgan paytlarimda bunaqasi bo‘lmagan. Bu sotqinlik! Menga qaysi klubning futbolchisi ekanligining farqi yo‘q. Asosiysi uning holati, qanday formada ekanligi, qay darajada tayyor ekanligi edi. Keling, misollar bilan gapiray: Shomurodov va Masharipov. Jaloliddin mening o‘quvchim, men tayyorlagan futbolchi. Men uni asosiy tarkibda o‘ynatsam bo‘lardi, ammo Eldor o‘ynardi. Ishoning, Masharipov asosiy tarkibda tushirmaganimdan xafa bo‘lgan paytlar bo‘lgan. Javohir Sohibov va Otabek Shukurovni olaylik. Agar o‘z futbolchisini o‘ynatgan, degan teoriyaga ishonsak, men Sohibovni o‘ynatishim kerak edi, ammo tarkibda Shukurov asosiy o‘yinchi edi, to‘g‘rimi? Chunki Shukurov imkoniyatlari e’tibori bilan asosiy tarkib o‘yinchisi edi. Server Jeparov asosiy tarkib futbolchisi edi, men Jamshid Iskandarovni o‘ynatsam ham bo‘lar edi-ku, to‘g‘rimi?

«Shomurodovni tushunarsiz va shubhali odamlardan himoya qilgandim»

- Shomurodovning xorijga sotishda mening aloqam yo‘q. Ha, men Eldorga aloqam bor, ammo boshqa tarafdan. Men uni tushunarsiz odamlardan himoya qilgandim. Men uni German Tkachenkoga tavsiya qilganman, axir u o‘zbek futboli javohiri, u munosib jamoada o‘ynashi lozim edi. U va uning ishi bilan shug‘ullangan odamlarga kerakli maslahatlarni berganman. Shunday payt bo‘ldiki, uning atrofida shubhali odamlar paydo bo‘la boshladi. Ana shunda men uni to‘g‘ri yo‘naltira oldim, deb o‘ylayman. U milliy jamoa futbolchisi va men uchun uning to‘g‘ri yo‘lda ketishi muhim edi. U o‘z orzusiga xiyonat qilmadi. Unda arab jamoalaridan takliflar bor edi, ammo u Yevropa yo‘nalishini tanladi va xato qilmadi.

«Ash-Shabob» klubi rahbari bir jomadon pul ko‘tarib kelgan edi»

- Transferlarda ishtirok etganmanmi? Albatta! Axir men o‘z jamoam futbolchisini transfer qilishda qanday qilib qatnashmay? «Paxtakor» transferlar orqali o‘z xarajatlarining ma’lum qismini qoplar edi. Bugungi kunda futbolchining rivojlanishi va kelajagini belgilashda to‘g‘ri odamlar qo‘lida bo‘lishi juda muhim. Masalan, Odil Ahmedovni xarid qilish uchun Saudiyaning «Ash-Shabob» klubi rahbari bir jomadon pul ko‘tarib kelgan edi. U Odilni juda yaxshi ko‘rib qolgan edi. Biz bunday katta pulni ko‘rib, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin edi, biroq bunday bo‘lmadi. O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi munosib jamoada o‘ynashi, mamlakat nomini yoyishi lozim. Oldimizda naqd pul bilan kelgan arab jamoasi taklifi bo‘la turib, biz aniq bo‘lmagan variantlarni tanladik, ya’ni Kiprda yig‘in o‘tkazayotgan Moskva «Dinamo»siga faqatgina ko‘rik uchun borishi, ma’qul kelsa o‘sha yerda qolishi variantigina bor edi. Odil uchib ketishi arafasida Tkachenko qo‘ng‘iroq qildi: «Anji» loyihasi bor, bu katta loyiha, hammasi jiddiy, jamoa Moskvada yashaydi, Guus Hiddink, Roberto Karlos, Samuel Eto va boshqa yulduzlarni xarid qilamiz, Sulaymon Kerimovning loyihasi bu!». Avvaliga jiddiy qaramadim, lekin Tkachenko meni ishontirdi. Odilning bundan keyingi futbolchilik faoliyatini yaxshi bilasiz.

Lobanov va Sergeyev haqida

- Mening aybim – yopilib olganim. Men qarorlarimni o‘z vaqtida tushuntirmay xato qilganman, ehtimol. Bu ikki futbolchi milliy jamoada o‘ynay oladigan raqobatbardosh futbolchi edi. Shimoliy Koreyadan uchralgan 2:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoani qabul qilib olganimni bilasiz. O‘sha o‘yinda 3 golni ikkinchi qavatdan o‘tkazib yuborganmiz. Ignatiy Nesterov mening futbolchim, men u bilan juda yaqinman, oilaviy bordi-keldimiz bor, lekin men uni asosiy tarkibdan chiqarib tashladim. Lobanov esa bizga kerakli paytda barqaror o‘yin ko‘rsatdi. Istalgan murabbiy barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan darvozabonni maydonga chiqaradi. Men bosh murabbiy bo‘lgan davrda Lobanov yuqori darajada o‘ynadi. Faqat oxirgi ikki o‘yinda Nesterovni maydonga chiqardim, u ham bo‘lsa ruhiy tomondan muammolar borligi uchun. Nesterov ham ishonchimni oqladi. Darvozabonlar orasidagi raqobatda Lobanov asosiy tarkibdagi o‘rnini mehnat qilib qo‘lga kiritdi. Ikki bora O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, o‘sha paytdagi eng yaxshi darvozabon edi. Yana kim o‘ynasin?

Sergeyev masalasiga kelsak. Kim bunday gap-so‘zlarni chiqaradi, tushunmayman. Axir u yuqori saviyali hujumchi. Buni u klubdagi va milliy jamoadagi o‘yinlari bilan isbotlagan-ku. Uning gollari, ayniqsa, bizga g‘alaba keltirgan yoki o‘yin taqdirini burib yuborgan gollari nahotki yodingizda yo‘q? U o‘sha paytda ham yaxshi edi, hozir ham yaxshi – Qozog‘iston chempioni bo‘lish va to‘purar bo‘lish orqali u yuqori darajadagi futbolchi ekanligini hammaga avval ham isbotlab bo‘lgan, hozir ham isbotlayapti. Yana qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin? Qaytaraman, menga kim qayerda o‘ynashining ahamiyati yo‘q, menga futbolchining sifatlari muhim. Igor nafaqat gol urish, balki pressing qilish, to‘p uchun kurashish, hududlarni ochishda katta ishni bajarar edi. U jamoa uchun juda foydali edi.

U ruhiy bosim ostida qoldi? Ishonchim komil, u bu bosimni allaqachon yengib o‘tgan, u matonatli, irodali yigit. Uni yaxshi bilgan odam sifatida buni ishonch bilan ayta olaman. Bo‘lib o‘tgan ishlar uni yanada sabotli qilganiga ishonaman. Ortga qarab biz unga to‘g‘ri baho bera olmayapmiz, negativ tomondan qarayapmiz. Lekin unday emas. U endi YeChLda o‘ynaydi.

o‘sha saralash bosqichining oxirgi o‘yinlarida gol ura olmagan faqat Igor emas edi, boshqalar ham gol ura olishmadi.

«Mirabror Usmonovdan meni lavozimimdan bo‘shatishini so‘raganman»

- Men Xitoyga qarshi o‘yindan keyin O‘FF rahbari marhum Mirabror Usmonovning qabuliga kirdim: «Meni bo‘shating, katta bosim bo‘lyapti, ketganim ma’qul!». Bunga javoban Mirabror Zufarovich Xitoyga qarshi o‘yin unga yoqqanini, eng yaxshi o‘yinlardan biri bo‘lganini va ishimni davom ettirishim zarurligini aytdi. Ayrim noxolis jurnalistlar keraksiz gap-so‘zlarni paydo qilishar, Sergeyevga ham, menga ham keragidan ortiq bosim yuklab, bo‘lmag‘ur gaplar tarqatishardi...

Bosimlar balki yigitlarga ham ta’sir o‘tkazgandir?! Ular aynan shu bosim tufayli yaxshi vaziyatlardan foydalana olmagan, bo‘sh darvozaga gol urolmagan vaziyatlar bo‘ldi. Yigitlarda ruhiy toliqish sezildi. Nima ham qila olardik, bu milliy jamoa! Jahon chempionatiga juda yaqin ekanimizni his qilib turgandik.

«Birdamlik yo‘q edi»

- Milliy jamoada ishga kirishishdan avval men barchani yig‘dim – murabbiylar, jurnalistlar, muxlislarni va bir narsani so‘radim «birga bo‘laylik!». Boshida, o‘sha mash’um mag‘lubiyatgacha, ya’ni 3-bosqichning 2-raundiga qadar bor edi o‘sha birdamlik. Keyin esa tuzatib bo‘lmas xato – Eron bilan o‘yin sodir bo‘ldi. Biz Keyrushning jamoasini ipidan ignasigacha o‘rgandik, men yordamchimni Eronning yig‘iniga ham yubordim. Biz o‘sha vaqtda Eronni mag‘lubiyatga uchratishga qodir edik. Yerevandagi o‘yinga borgan yordamchim forslarning faqat ikkinchi raqam sifatida o‘ynashga tayyorgarlik ko‘rgani haqida ma’lumotlar olib keldi. Hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq...

«Krasnodar» Yevropa ligasida o‘ynayapti, 3:0 hisobida oldinda boryapti va Ahmedov 93-daqiqada podkat ishlatib, jarohat olyapti. Bu endi uning xarakteri, u jangchi, oxirigacha o‘ynaydi. Afsuski, milliy jamoamiz o‘yini Odilga bog‘liq edi. Bu jarohat bizga qattiq pand berdi. Ehtimol, Eronga qarshi o‘sha o‘yin burilish nuqtasi bo‘lgandi. Biz Odilni tekshirdik, uni og‘riqni qoldiruvchi ukol bilan maydonga chiqarsak bo‘lardi, ammo 15 daqiqa o‘ynay olardi, xolos. Kamiga, jarohatini chuqurlashtirib olishi mumkin edi. Eron bilan o‘yinda tavakkal qilmaslikni, Xitoy bilan o‘tadigan o‘yinda maydonga chiqarish qarorini qabul qildim. Eronni biz har jabhada yengdik, faqat gol urolmadik. Forslar esa standart vaziyatdan gol urib, himoyada yotib olishdi. Ming afsus, Odil yaratishi mumkin bo‘lgan shiddat va kreativ o‘sha o‘yinda bizga yetishmadi. Xitoyga qarshi o‘yinda Ahmedov maydonga chiqdi va butkul boshqacha o‘yin namoyish etib, g‘alaba qozondik.

Eronga qarshi o‘yindan keyin yuqorida aytganim birdamlik yo‘qoldi. 15 ochko jamg‘arsak biz JChda o‘ynardik. Dastlabki 2 o‘yinda 6 ochko oldik, Eronni va Xitoyni yutishimiz va 12 ochko jamg‘arishimiz lozim edi, bu bizning ishimizni juda osonlashtirardi. Janubiy Koreyada ham biz 75-daqiqagacha yaxshi o‘ynadik. Mana shunaqa.

Foto: KUN.UZ

«Qo‘l ostimda hozirgi darajadagi Shomurodov, Masharipov bo‘lganidami...»

- Jamoa g‘alaba qozonayotgandagina qo‘llab-quvvatlash, qarsak chalish emas, mag‘lubiyatga uchrayotganida ham o‘sha alfozda qo‘llab-quvvatlash zarur edi. Bizga shu yetishmadi. Albatta, men ham xatolarga yo‘l qo‘ydim. Qo‘l ostimda hozirgi darajadagi Shomurodov, Masharipov bo‘lganidami...

«Marchello Lippi o‘yindan keyin mendan uzr so‘ragandi»

- O‘sha jamoaning kuchi yetib borgan manzilimiz darajasiga mos ekan. Ehtimol, biz boshdan balandroq ham sakray olardik, ammo omad yuz o‘girgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda Haydarovning zarbasi darvoza to‘siniga emas, darvozaga borganida nima bo‘lardi? Xitoydagi o‘yinda biz raqibdan butkul ustunlik qildik, ammo 87-daqiqada shubhali penalti belgilandi darvozamizga. Hatto Marchello Lippi o‘yindan keyin mendan uzr so‘ragandi: «Mister, sorry! Fortuna».

Biz raqobatbardosh edik. Biz Janubiy Koreya, Eron kabi grandlar bilan tengma-teng olishadigan jamoa edik. Hozir-chi? Hozirgi jamoamizga bir qarang. Eron-u Koreya qayerda, biz qayerdamiz.

Milliy jamoa rulidagi oxirgi matbuot anjumanidagi va’dasi haqida

- Ha, men bir kun kelib hammasini aytib beraman, sizlar bilmaydigan gaplarni ochiqlayman, hozir mavridi emas, degandim. Juda yaxshi eslayman. Va’da bergandim va bir kun kelib haqiqatan ham bu ishni amalga oshiraman, faqat hozir biroz erta, meni qiynamang. Oxirgi matbuot anjumaniga kirib kelganimda men butkul horigan va ruhan bo‘m-bo‘sh edim. Nima deyishim kerak edi? Kimlar uchundir bokschilar uradigan qop bo‘lib berishim kerakmidi? O‘sha nutqimda men barcha mujdalarni yetkazgandim.

Bir holatni eslatay. Oxirgi o‘yin oldidan qay bir jurnalist savol beryapti: «Siz g‘alaba qozonsangiz ham, JChga chiqsangiz ham, iste’foga chiqasizmi?» Savolga qarang-da endi. Axir bu meni muvozanatdan chiqarish, asabimga tegish, bosim o‘tkazish uchun berilayotgan savol-ku. Men hazilga yo‘ydim.

Yana bir voqea. MJ bosh murabbiyiman va menga qo‘ng‘iroq bo‘lyapti: «Falonchi o‘yinchilarni olma, ularning klubda muhim o‘yinlari bor». Sening klubing qayerda-yu Vatan jamoasi manfaati qayerda?! O‘ylab gapiryapsanmi? Men unga yaxshigina javobni berdim, albatta!

Hozir o‘sha paytda aytolmagan gaplarimni aytsam xunuk ish bo‘ladi, ya’ni aybni kimgadir to‘nkab, o‘zimni oqlayotgandek bo‘lib qolaman.

Milliy jamoaga yana bosh murabbiy bo‘lishim mumkinmi? Birinchidan, bunga loyiq bo‘lish kerak. Ikkinchidan, juda katta bosim va stressga chidamli bo‘lish kerak. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Futbolda o‘zbek modelini yaratganmiz

- Hozir milliy jamoani boshqarayotganlar o‘sha paytdagi xatolardan xulosa qilishi kerak. Bizda har doim yaxshi jamoa bo‘lgan. Men bizda yaxshi o‘yinchilar yo‘q, futbolimiz yaxshi emas, bolalar futboli murabbiylari yaxshi ishlamaydi, degan gaplarga qo‘shilmayman. Bu gaplarni gapirayotganlar pastroqqa tushsin va vaziyatni kuzatsin. Mening ish kunim akademiyani kuzatishdan boshlanar edi, men bolalar futboli bilan yaxshi tanishman. Bizda hozir, adashmayotgan bo‘lsam, 30 dan ortiq PRO litsenziyasiga ega murabbiy bor. Shunga qaramay biz ispancha, niderlandcha, portugalcha, belgiyacha tizimlar bilan tajribalar o‘tkazib, rivojlanishga harakat qilib ko‘rdik. «Paxtakor» misolida biz o‘zbekcha modelni yaratdik. Biz futbolchilarni tayyorlashning vertikal tizimini yaratdik. Men o‘z davrim haqida gapiryapman.

Futbol doim rivojlanyapti: fizika, metodika, tezlik, kurashuvchanlik ortyapti. Eski bagaj bilan yashashning imkoni yo‘q. Men doim oldinga intilaman, o‘qib, o‘rganaman, bir joyda qotib qolmaslikka harakat qilaman.

Foto: Tribuna.uz

«Orzum va armonim - davlat rahbarini jahon liderlari JCh yo‘llanmasi bilan tabriklashlarini istagan edim»

- Jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz eng katta orzum va armonimdir. O‘sha matbuot anjumanini eslayman. O‘shanda men eng xohlagan narsa muxlislarimizga, xalqimizga mundial yo‘llanmasini taqdim etish edi. Men davlat rahbarini jahon liderlari Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabriklashlarini istagan edim. Bizda futbolga e’tibor juda yuqori. Agar davlat tomonidan futbolga berilayotgan e’tiborni oladigan bo‘lsak, biz bu borada jahon chempionimiz. Futbolimiz rahbari futbolni tushunadi va yaxshi ko‘radi. U yaratib berayotgan sharoitlar bir kun mevasini beradi va biz, albatta, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishamiz.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi Azimjon Vohidov.

Top