18:48 / 22.02.2022
362231

O‘zbekistondagi eng qimmat o‘simlik biznesi - BMB Za’faron

5 ming dollar bilan boshlangan biznes milliardlab investitsiya kiritilgan katta kompaniyaga aylandi. Va bu IT sohasida emas, qishloq xo‘jaligida ro‘y berdi. Sarmoya xorijniki, mahsulot ham xorijga sotiladi. Ziravorning bir kilosiga avtomobil xarid qilish mumkin. Za’faron yetishtirish va eksport qilish – Business Class'ning yangi, eksklyuziv sonida tomosha qiling.

Jarayonni ichkaridan ko‘rsatib berish maqsadida Jizzax viloyati Baxmal tumanida joylashgan naq 200 gektarlik za’faron plantatsiyalariga yo‘l oldik. Za’faron biznesi mavsumiy hisoblanib, hosilni yig‘ib olish ishlari oktyabr-noyabr oylarida yakunlangan, plantatsiyalarda esa piyozlarning rivojlanish davri ketyapti.

O‘zbekiston–Italiya qo‘shma korxonasidagi laboratoriyada terib olingan o‘simlik gullarining tolalari qadoqlanadi. 90-100 ming dona za’faron gulidan 1 kg qurigan gul tumshuqchalari olinadi. Plantatsiyaning o‘zida 100 dan ortiq ishchilar yerni o‘t-maysalardan xoli qilish bilan band. Butun dunyoda kimyoviy dorilardan qochish tendensiyasi rivojlanib borishi natijasida za’faronga bo‘lgan talab ortib boryapti.

Kompaniya ta’sischilaridan biri Bekzod Mamatqulov biznesga kelishi, BMB Trade Group'ning yaralish tarixi haqida hikoya qilib berdi.

“Otam oshpaz, onam o‘qituvchi bo‘lgan. Ota-bobolarimning hammasi ziyoli insonlar. To‘g‘risini aytaman, biznesmen bo‘lish istagim yo‘q edi, bolaligimda yurist, prokuror bo‘laman derdim. Shu sohada ta’lim oldim va bir muddat ombudsman tizimida, davlat idoralarida ishladim. Lekin vaqt o‘tib, bu tizimdan ketishga to‘g‘ri keldi. Ishdan ketishimning sababini ayta olmayman, bu yuragimda qolgan dard. Mana shu dard BMB'ni shu darajaga olib chiqishimga sabab bo‘lgan.

Bekzod Mamatqulov

Biznesga kirishimiz tarixi 2015 yili boshlangan. Birinchi, choy biznesi bilan shug‘ullandik. U davrlarda monopoliya urchib ketgandi. Monopoliyani sindirish kerak edi. Lekin buning imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun ham ishimiz o‘xshamadi. 2016 yildan boshlab Arnasoy tumanida 500 gektar yer oldik va mosh ekish biznesini boshladik. 3ta ta’sischilar, Bekzod, Mirzamurod va Botir (BMB) ushbu loyihaga 4,5 mlrd so‘m sarflab qo‘ygandik, lekin sohani yaxshi bilmasligimiz sabab bankrot bo‘ldik.

Murakkab davrlar edi. Biznes bilan shug‘ullanish kerakmi, yo‘qmi degan savol ko‘ndalang turardi. Lekin oxirigacha sabr qildik va mablag‘larimizdan tashqari xorijiy investitsiyani ham jalb qilish kerakligini angladik. Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan aloqa o‘rnatish orqali bir qancha Yevropa mamlakatlarida, xususan, Italiyada yangi biznes yo‘nalishini topishga muvaffaq bo‘ldik. Bu za’faron o‘simligini yetishtirish faoliyati edi. Ammo za’faronni O‘zbekistonga olib kelish oson kechmadi. Italiyalik mutaxassislar salkam 1 yil yerlarimizni to‘liq o‘rgandi va Baxmal zamini tanlab olindi”.

Ko‘rsatuvni tayyorlarkanmiz, BMB Trade Group marketing ishlariga alohida urg‘u berishi ma’lum bo‘ldi. Mahalliy darajadagi marketing ishlaridan tashqari xorijiy maydonda, xususan, Italiya, Ispaniya mamlakatlarida ham reklama ishlari keng olib boriladi. Kompaniya Italiyaning “Milan” hamda Ispaniyaning “Kadis” futbol klublari bilan shartnomalarga ega.

Za’faron qadimdan dorivor o‘simlik sifatida foydalanib kelingan. Zamonaviy tibbiyotda u ko‘zga tomiziladigan dori tayyorlashda va umumiy quvvatlantiruvchi turli dori-darmonlar tayyorlashda ishlatiladi. U qaynoq sut bilan ichilsa, bosh miya faoliyatini mustahkamlab, xotirani kuchaytiradi. Agar asal bilan iste’mol qilinsa, buyrakdagi toshlarning maydalanishiga yordam beradi. Za’faron guli tumshuqlari eritmasi inson organizmiga zarur bo‘lgan moddalarga va turli vitaminlarga boy. 3 ming yillik ishlatish tarixida uning to‘qson xil turli kasalliklarni davolashda qo‘llanishi aniqlangan.

BMB Trade Group kompaniyasiga aloqador savdo aylanmasi, reklama xarajatlari, xodimlar maoshi, ishlab chiqarishga doir raqamlar, narxlar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatuvga joyladik. YouTube'da to‘liq videoni tomosha qiling va izoh qoldiring. Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan 5 kishiga shifobaxsh za’faron taqdim etiladi.  Muddat – 2022 yiling 22 mart sanasiga qadar.

Business Class'ni kuzatib boring, biri-biridan qiziq kompaniyalar hali oldinda. Biz biznesni ichkaridan ko‘rsatamiz.

Ijodiy jamoa:
Eldor Abdulvohid
Nuriddin Nursaidov
Ibrohim Samatov
Afzalbek Muhammadjonov
Mahmudjon Soliyev

BMB Za’faron bilan aloqa:

+998 99 899 59 09

+998 94 307 25 55

Mavzuga oid
Top